Qozog‘istondan Samarqandga muntazam aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi
Qozog‘iston Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Transport vazirligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, o‘zaro hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. "Turkiston – Chimkent – Toshkent" tezyurar temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, "Maqtaaral – Darbaza" yangi temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Berik Kamaliyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri v.b. Ilhom Mahkamov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi parvozlar yo‘nalishlarini ochish, xususan, Qozog‘iston shaharlaridan Samarqand va Urganch shaharlariga muntazam aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tomonlar epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash masalasini muhokama etdi.
Uchrashuvning ikkinchi kunida tomonlar guruhlarga bo‘lingan holda o‘z ish faoliyatni davom ettirishga kelishib oldi.