Qozog‘ovulliklarning qozoni qanday qaynayapti?

Ishtixonlik muxlisimiz Zokir Ochilovning taklifi bilan tumanning Beshariq mahallasida bo‘ldik. Zokir akaning aytishicha, Qozog‘ovul qishlog‘ida yashovchi Mayram momo va “Yoshlar daftari” sabab ro‘zg‘orini obod qilayotgan yigit-qizlar boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan ekan.
Mayram momo - mahallaning oyisi
Mahalla hududiga kirib borib, “Mayram momoni taniysizmi?” deb so‘rasangiz ko‘pchilik “Yo‘q”, deb javob berishi tayin. Sababi, onaxonni hamma “oyi” deb chaqirishadi.
- Mayram Musayeva 88 yoshga kirgan bo‘lsa-da hali tetik, - deydi mahalla raisi o‘rinbosari Shohista Bozorova. – Ko‘zlari o‘tkir. Kitob o‘qiydi. Arab alifbosida ham o‘qiy oladi. Nevaralarining dars tayyorlashida ko‘maklashadi. Bizga maslahatlarini berib turadi. Saylov oldi targ‘ibot tadbirlarida “sizga ko‘chma saylov qutisini ob kelamiz, uyda o‘tiring”, desak, “yo‘q, o‘zim boraman saylovga, to‘rt mucham sog‘ bo‘lsa”, deb koyib berdi. U kishi mahallamizning oyisi.
“Mashinamni “metallom”ga topshirmayman!”
Mayram Musayeva maktabda yettinchi sinfgacha o‘qigan, ammo kitob o‘qishni kanda qilmagan. Yoshligida ro‘zg‘or ishlaridan tashqari dehqonchilik, parrandachilik, pillachilik bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u mashina ham boshqargan. Haydovchilikni qo‘llanmalardan o‘qib o‘rgangan ekan. Mashinasi buzilib qolsa, ustaning ham keragi bo‘lmagan.
- Manavi turgan mashinani o‘zim haydaganman, - deydi eski “Volga” rusumli mashina kuzovini ko‘rsatib aya. – Buzilib qolganda ehtiyot qismlarni sotib olib kelardimda o‘zim tuzatardim. Suyagi qolgan bo‘lsayam “Metallom”ga topshirmay saqlab kelyapman. Qadrli-da men uchun. Yaqinda o‘g‘limning mashinasi yurmay qoldi. Akkumullyatorini quvvatlashga qo‘yayotganda “Mashinangning startyorida bindiks degan narsa bor, shuning bir rezinchasi bo‘ladi, o‘shanisi ketgan, almashtirsang yaxshi bo‘lib ketadi”, desam ishonmadi. Ustaga olib borsa men aytgan gap rost chiqibdi.
Onaxon hammaga birdek mehribon. Kelinlariga ro‘zg‘or yumushlarida haligacha yordam beradi. U kishining qo‘llari bilan bukilgan chuchvarani yeb, Qozoqovulning yoshlari bilan ham suhbatlashish maqsadida yo‘lga otlandik. Mayram momo duo qilib, bizni kuzatib qo‘ydi.
Bir dona karam 10 kilogramm
Qozoqovullik yoshlardan biri Xoldorxon Bahodirovni 5 yildan beri ishsizlik muammosi qiynab kelardi. Shu yil boshida u “Yoshlar daftari”ga kiritilib, masalasiga yechim topilganday bo‘ldi.
Erta bahorda Beshariq mahallasidagi 98 nafar yoshga 25 sotixdan yer ajratildi. Ular shu paytga qadar ikki marta ekin ekib, hosil oldi. Daromadlari ham yomon emas.
- Qurilishda og‘ir mehnat qilib, qiynalib yurardim, - deydi X.Bahodirov. - “Yoshlar daftari” bizga imkoniyat yaratib berdi. Mahallamizdagi fermer xo‘jaligi yer maydonidan 25 sotix yer ajratildi. Birinchi ekinga kartoshka ekib, 4 tonnaga yaqin hosil oldim. Ikkinchi ekinga 3 ming tupdan ziyod karam ekib, bundan ham mo‘maygina daromad qilyapman. Karamning bir tupidan 5 kilodan 10 kilogacha hosil olyapmiz.
Tikuvchilikning orqasidan do‘kon ochdik
Saodatxon Yorqulova tikuvchilikka qiziqishi baland bo‘lgan, ammo zamonaviy tikuv mashinalari yo‘qligi sabab ko‘ngildagidek kiyimlar tikolmasdi.
- Tumanimiz hokimi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar bilan uchrashganda qiziqishlarimni eshitib, menga imtiyozli kredit asosida zamonaviy tikuv mashinasi berilishini aytdi, - deydi S.Yorqulova. - 2 ta tikuv mashinasi oldim va faoliyatimni rivojlantira boshladim. Asta-sekin daromadimni ko‘paytirib, turmush o‘rtog‘im ko‘magi bilan do‘kon ham ochdik. O‘zim tayyorlagan ayollar va bolalar kiyimlarini, turli xil taqinchoqlarni shu do‘konda sotyapman. Tuman markazidagi bozor narxidan ancha arzon narxda sotilayotgani uchun bo‘lsa kerak, chekka qishloqda bo‘lishimizga qaramay xaridorlarimiz ko‘p.
***
Ayting-chi, siz yashayotgan qishloqda ham yuz bilan yuzlashayotganlar, arzirli yangiliklar, aholini qiynayotgan muammolar bormi? Agar bo‘lsa @zarafshonbot manzilimiz orqali “Bir kelib keting, qishlog‘imizga” deb murojaat qilsangiz, bas. Biz sizning quvonchu tashvishlaringizga sherik bo‘lishga tayyormiz.
To‘lqin Siddiqov,
Tohir Aynaqulov Zarnews.uz uchun maxsus