QQS summalari o‘rnini qoplash qay tartibda amalga oshiriladi?

Joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirish (soliq va yig‘im turlari va miqdorlarini optimallashtirish), qarama-qarshiliklar va nizolarni bartaraf etish (havolali normalarning va qonunosti hujjatlarining cheklanishi), halol soliq to‘lovchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, shuningdek, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma’murchiligini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida” Nizom bilan QQS summasi o‘rnini qoplash shartlari va tartibi belgilandi.

QQSning salbiy farq summasini qoplash, jumladan, boshqa soliqlar bo‘yicha qarzdorlikni uzish hisobiga qoplash Soliq kodeksi va Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi. QQS summasi o‘rnini qoplash masalasi qoida tariqasida soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi.

Soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan QQS summasini qaytarishga hamda chet davlat fuqarolariga QQS summasi o‘rnini qoplashga (TAX FREE) nisbatan mazkur qoidalar tatbiq etilmasligini ta’kidlash lozim.

Qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summasi deganda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir operatsiyalarning soliq bazasidan hisoblab chiqarilgan QQS summasi bilan olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha hisobga olinadigan QQS summasi o‘rtasidagi salbiy farq tushuniladi.

Xo‘sh, QQS summalari o‘rnini qoplash (qaytarish) qay tartibda amalga oshiriladi?

Masalan, tadbirkor 115 so‘mlik tovarni import qildi (15 foiz QQS = 15 so‘m). Mahalliy bozorda faoliyat yuritayotgan “A” tadbirkordan ham 115 so‘mlik mahsulot xarid qildi (15 foiz QQS = 15 so‘m). Tadbirkorning umumiy xarajati 230 so‘mni, jami to‘lagan QQS miqdori 30 so‘mni tashkil etdi. Tadbirkor ichki bozorda 184 so‘mlik tovar sotdi (tovar qiymati 160 so‘m x 15 foiz = 24 so‘m QQS). Hosil bo‘lgan QQS salbiy farq summasi (30 so‘m – 24 so‘m) 6 so‘m.

Tadbirkor QQS salbiy farq summasi (6 so‘m) o‘rnini qoplash (qaytarish) to‘g‘risida hisobga olingan joydagi soliq organiga shaxsiy kabineti orqali Nizom talablarida belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Soliq organlari tomonidan ariza qabul qilinganidan so‘ng tadbirkorlik sub’yektining faoliyati yuzasidan kameral soliq tekshiruvi o‘tkaziladi. Bunda kameral soliq tekshiruvi soliq organining tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘isiz amalga oshiriladi. Tekshiruv natijasida xato va kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda QQS summasi soliq to‘lovchiga soliq organining QQS summasi o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qarori asosida 60 kundan yoki 7 kundan kechiktirmay (tezlashtirilgan tarzda) amalga oshiriladi. Tezlashtirilgan tarzda QQS summasi o‘rnini qoplash, yirik soliq to‘lovchilar, diplomatik vakolatxonalar, bank kafolatiga ega shaxslarga, eksportchi korxonalarga, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga ("0" stavka) va soliq monitoringi ishtirokchilariga qaytariladi.

Ravshan Imamov,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.