Qurilish materiali sifatlimi?
“O‘zstandart” agentligi huzuridagi departament mas’ullari mutasaddi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatidagi metall mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona hamda ayrim qurilish ob’yektlarida sifatli va xavfsiz metall(armatura) mahsulotlaridan foydalanish yuzasidan o‘rganish va profilaktik tadbirlar o‘tkazdi.
– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 fevraldagi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 iyundan boshlab sotilayotgan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan metall prokatining har bir to‘piga ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sinovlarning ijobiy natijalari asosida rasmiylashtiriladigan sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinishi belgilangan, – deydi “O‘zstandart” agentligi huzuridagi departament direktori Zoyir Amonov. – Induksion pechlardan foydalangan holda tayyorlangan qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatini ishlab chiqarish va qo‘llash taqiqlangan. Bunday usulda tayyorlangan metall mahsulotlardan qurilishdan boshqa maqsadlarda foydalanishga ruxsat berilgan.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 15 avgustdagi yig‘ilishida ham ushbu masala yana bir bor muhokama etilib, vakolatli idoralarga qurilish uchun metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish texnologiyalarga rioya etilishi, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ xujjatlarga muvofiq mahsulot ishlab chiqarilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi topshirildi.
Ishchi guruh Past Darg‘om tumanidagi “Samarqand metall production” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan metall mahsulotlari sifatini o‘rgandi.
– Xitoydan keltirilgan ikkita induksion pech o‘rnatilib, ular yordamida ikkilamchi qora metaldan mahsulot tayyorlangan korxonada yuqorida qayd etilgan qaror ijrosi yuzasidan departamentimiz tomonidan biznes ombudsman ruxsati bilan joriy yil iyul oyida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan, – deya so‘zida davom etadi Z.Amonov. – O‘shanda bu yerdagi 7,1 tonna armatura mahsulotining sifati tekshirilib, mexanik va kimyoviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangandi. Ushbu holat bo‘yicha sifatsizligi aniqlangan armatura mahsulotini sotish taqiqlangan. Ayni paytda korxonada induksion pechlarda armatura ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. Korxona rahbari bilan yana bir bor suhbatlashib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Boshqa turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berishga tayyorligimizni bildirdik.
Ishchi guruh Samarqand shahrida qo‘p qavatli turarjoy binosi qurayotgan “Rajabov Farid stroy” xususiy korxonasi hamda Samarqand tumanida joylashgan ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi eshkak eshish kanalini rekonstruksiya qilayotgan “Temir qalqon” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur ob’yektlar qurilishida foydalanilayotgan metall mahsulotlarining sifati va xavfsizligi yuzasidan mas’ullar va quruvchilarga tavsiyalar berildi.
G‘.Hasanov.