Qurt tushgan olma foydalimi yoki dorilangan mevami?
Birinchi voqea
Bundan qariyb 40 yillar ilgari hovlimizda ikki tup ertapishar olma bo‘lardi. Ular har yili shoxlari egilib, yaxshi hosil berar, ta’mi ham juda mazali edi. Rahmatli otam bu olmalarni mehr bilan parvarish qilardi.
Ammo ko‘pincha bir holatdan hayron qolardik. U kishi qurt yeb tagiga tushgan mevalarni terib olar va avval o‘zi yer, keyin bizlarga ham berardi. Otamdan nimaga aynan qurt tushgan olmalarni yeyishini so‘raganimda: “Olmaning yaxshi pishgani, eng sarasi va mazalisini qurt yeydi-da”, deb javob berardi.
Qurtlar, hasharotlarga qarshi dori sepishni taklif qilsak, otam “Yo‘q, dorining bir tomondan foydasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, albatta, zarari bo‘ladi”, deb bu ishga unamasdilar.
Ikkinchi voqea
Endi hozirgi kunlarga qaytamiz. Ikki hovli naridagi qo‘shnimiz - yosh ota-onaning bir-biriga qarindoshligi yo‘q, er ichish-chekishdan ancha nari yuradi, ayolning ham salomatligi joyida.
Ammo negadir oilada tug‘ilgan bolaning oyog‘ida nuqsoni bor, tovonlarini yaxshi bosa olmaydi. Bolani tekshirgan mahalliy shifokorlarning aksariyati bu holatning sabablarini aniq aytib bera olmadi. Birovi u deydi, birovi bu.
Muammoga Germaniyadan kelgan vrach oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, ota yoki ona bola hali dunyoga kelmasdan oldin dorilangan meva iste’mol qilgan va bunday holatlar keyingi yillarda tez-tez uchrayotgan ekan.
Uchinchi voqea
Tuman shifoxonasiga yarim tunda tez yordam mashinasida o‘rta yashar erkakni olib kelishdi. Shifokorning aytishicha, bu odam tarvuzdan zaharlanibdi.
– Har yili yoz, pishiqchilik mavsumi boshlanishi bilan bunaqa holatlar ko‘payadi, - deydi qabul bo‘limi shifokori. – Ayniqsa, hali aprel oyidayoq bozorlarni egallab olayotgan tarvuzdan ehtiyot bo‘lgan yaxshi. Chunki ularning aksariyati issiqxonalarda turli kimyoviy o‘g‘itlar yordamida yetishtiriladi.
“Faqat tabiiy ozuqa bilan ish bitmaydi-da...”
Ha, bugun iste’mol qilayotganimiz meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, mol, parranda, baliq go‘shtining aksariyatida turli kimyoviy vositalar borligi haqiqat.
Keyingi yillarda intensiv bog‘ yaratish, olmaning turli navlarini chetdan keltirib, ularni mahalliylashtirishga e’tibor kuchaydi. To‘g‘ri, bu olmalarni ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydi. Chiroyli, mazali, bozorbop, xaridorgir, kasallikka chidamli, raqobatbardosh va hokazo...
Ammo bu mevalarga yelim quvurchalarda suvga qo‘shib tomchilatib berilayotgan kimyoviy o‘g‘itlarni hech ko‘rganmisiz?
Yaqinda shunday intensiv bog‘lardan birida bo‘ldim. Suvga qo‘shib berilayotgan kimyoviy dorilar omborini ko‘zdan kechirdim. Bu yerda 20 ga yaqin shunday vosita mavjud ekan. Eshikdan kirishim bilanoq dimog‘imga urilgan qo‘lansa hiddan ko‘nglim aynidi.
Yana bir misol. Yirik parrandachilik xo‘jaliklaridan birida tovuqlar uchun tayyorlanayotgan ozuqaga qanaqadir dori qo‘shilayotganiga ham guvoh bo‘ldim.
– Bu narsa tovuqlarni qisqa muddatda rosa semirtiradi, - deydi savolomuz qarashimga javoban tovuqboqar. - Bo‘lmasa, faqat tabiiy ozuqa bilan ish bitmaydi-da, aka. Bankdan kredit olganmiz. Qolaversa, buyog‘i tirikchilik.
Inson kamida 120 yil yashashi mumkin, agarda...
Azaldan odam umrini uzaytirish insoniyat e’tiborini o‘ziga jalb qilayotgan muhim muammolardan bo‘lib qolyapti. Qadimgi fors donishmandlari bu muammoni hal qilishga urinib ko‘rishgan. Lekin befoyda bo‘lgan. O‘rta asrlarda ham bu muammoni hal qilishga urinishlar samara bermadi. XXI asrda ham inson umrini uzaytirish masalasining yechimini topishga harakat qilinyapti.
- Daraxtzorlarga sepiladigan tonnalab zaharli moddalar havoga tarqalishidan tashqari, ularning ma’lum miqdori sabzavot va mevalarga o‘tadi, hasharotlarni o‘ldiradi, - deydi 85 yoshida ham yigitlardek navqiron yevropalik Pol Bregg. - Inson o‘z sog‘ligini himoya qilish uchun o‘ta ehtiyot bo‘lishi kerak. Zaharlangan meva va sabzavot iste’mol qilinganida bosh og‘rig‘i va qayt qilish alomatlari paydo bo‘ladi, kimyoviy moddalar meva va sabzavot qaynatilganda ham ketmaydi. Lekin har bir inson ma’lum gigiyenik va parhez qoidalarga rioya qilgan holda o‘z umrini uzaytirishi mumkin. U o‘z tanasi haqida qayg‘ursin.
Ishonamanki, har bir inson kamida 120 yil yashashi mumkin, buni fan ham tasdiqlamoqda.
“Oilamizda kasallanish holati yo‘q...”
Shu o‘rinda Qo‘shrabot tumanidagi tog‘lar etagida joylashgan Haytanbuloq qishlog‘ida yashovchi Inoyat Arkayevning bu borada bildirgan fikrlarini keltirmoqchimiz: “Hozirgi paytda kimyoviy vositalar aralashmagan meva, sabzavot, poliz, go‘sht mahsulotlari deyarli qolmadi hisob. Shuning uchun men hovlimdagi tomorqamda bu mahsulotlarni o‘z qo‘lim bilan, tabiiy ravishda yetishtirib, oila a’zolarim bilan iste’mol qilamiz. Balki shuning uchunmi, ular orasida kasallanish holati yo‘q”.
To‘g‘ri, Inoyat akada bor imkoniyat boshqalarda bo‘lmasligi mumkin. Ammo har qanday sharoitda ham o‘z sog‘ligimizga befarq bo‘lmasligimiz kerak, nazarimda.
Biz mazkur mulohazalar orqali kimlarnidir qilayotgan ishlarini qoralashdan mutlaqo yiroqmiz. Ammo har to‘kisda bir ayb bo‘lganidek, hozirda ko‘zlarimizni qamashtirayotgan tanganing orqa tomoniga ham bir qur nazar soldik, xolos.
Yormamat Rustamov.