Quruvchi chala ishlarini oxiriga yetkazishga kirishdi
Shu yilning 10 noyabr kuni Zarnews.uz telegramm kanali va saytida “Samarqand viloyati injiniring kompaniyasi, viloyat qurilish boshqarmasi mutasaddilari e’tiboriga! Quruvchining chala ishlarini kim oxiriga yetkazadi?” sarlavhali maqola berilgan edi.
Ushbu maqola yuzasidan ma’lum qilamizki, Samarqand viloyati hududiy infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, ob’yektlarni qurish va rekonstruksiya qilish va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturga asosan, Samarqand shahar Mikrorayon “A” massivi, Ali Qushchi ko‘chasi, 4-uy kapital ta’mirlash uchun “Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi qoshidagi qurilish va obodonlashtirish direksiyasi” DUK va “Me’mor Quruvchi " MChJ o‘rtasida 2018 yil 15 noyabr kuni pudrat sharnomalari tuzilgan. Hozirda ushbu ko‘p qavatli uyni kapital ta’mirlash ishlari yakunlangan. Lekin maqolada qayd etilganidek, ayrim ishlar chala qolganligi aniqlandi. Ushbu holat qurilish tashkiloti bilan birgalikda o‘rganilib, yo‘laklarni yoritish, bino fasadi va ichi bilan bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etishga kirishildi.
Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi.