Quruvchining qadri qancha?
Yurtimizda keyingi yillarda bunyodkorlik ishlari ko‘lami nihoyatda kengaygan. Bunday ishlarni, aniqrog‘i qurilish ob’yektlarini kuzatganmisiz? Chang-to‘zon ko‘tarilib yotgan hudud. Qo‘llari loy yoki qorishmaga botgan ishchilar. Ortilgan yukning me’yoridan ortiqligidan bazo‘r harakatlanayotgan mashinalar…
Aksariyat hollarda shunday bo‘ladi. Ha, yana qurilish maydonining atrofi o‘ralmaydi. Bu yerda nima barpo etilayotgani, uning qachon bitishi haqida hech qayerda, hech qanday ma’lumot qo‘yilmaydi.
Yaqinda viloyat qurilish bosh boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur sabab viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Kimda qanday taassurot qoldirdi, bilmadimu, bizda quruvchining qurilish materialichalik qadri yo‘q ekan, degan tasavvur paydo bo‘ldi.
Ko‘pchilik bilsa kerak, ayni shu masala yil avvalida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari e’tiboriga tushdi. Ular bir-ikkita ob’yektda ishchilarga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Ammo nima uchundir masala, suvga cho‘kkan toshdek izsiz ketdi.
Bu borada ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiluvchi tashkilot - kasaba uyushmalari ham gazetamizdagi qaysidir chiqishida eslab o‘tgandi. Biroq ularning ham aytarli nimadir qilgani noma’lum.
Press-tur davomida dastlab ko‘hna kentning havo darvozasi - aeroportda olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdik. Ishonasizmi, katta (balki viloyatdagi eng kattadir) ob’yektda zarracha chang yo‘q. Eng ajablanarlisi, chet ellik quruvchilar bosh bo‘lgan ob’yekt hududida qo‘li loy yoki qorishmadan kir bo‘lgan ishchini uchratmaysiz. Bu yerda yurgan har bir odam ozodaligi jihatidan kamida ofis xizmatchisini eslatadi.
- Qurilishda ham shunaqa ozoda yurish mumkin ekanda, - dedi hamkasblarimizdan biri. - Nega bular oyoq ostiga blok terib, boshga ro‘mol o‘rab ishlamaydi? - achchiq kesatiq bilan davom etdi boyagi hamkasbim.
Yana bir hayratlanarli jihati shundaki, har bir ishchi uchun maksimal qulaylik yaratilgan.
- Axir qurilish degani og‘ir ish, hamma narsani texnikaga yuklab qo‘yish, bu kamida sohaning «obro‘»sini tushirib yuboradiku! - “Sayohat” so‘ngida hamkasbim shu taxlit fikr bildirdi.
Menimcha, bizdagi aksariyat qurilish korxonalari rahbarlari ham shunday fikrlashadi. Agar aksincha bo‘lganda, qurilishlarimizda tartib o‘rnatilgan, quruvchilar ham bunyodkorlik ishlaridan rohatlanib, mehnat qilgan bo‘lmasmidi?!
- Aeroport qurilishida olti oydan beri ishlayapman, - deydi o‘zini tanishtirishni istamagan o‘zbekistonlik quruvchi. - To‘g‘ri, bu yerda asosan bo‘yoq, suvoq kabi “qora” ishlarni qilamiz. Lekin kiyim-boshdan tortib, bepul tushlik va boshqa qulay sharoitlar yaratilgan. Xafsizlik talablariga rioya qilinishi tegishli nazoratchilar tomonidan doimiy o‘rganib boriladi.
O‘zimizning quruvchilar bosh bo‘lgan ob’yektlar haqida yozmoqchi emasman. Lekin bir savol tinchlik bermaydi, bizdagi boshqa qaysi ob’yektda oddiy ishchi-quruvchining qadri yuqoridagidek?
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.