Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Nega biz bu naqlga qarshi ishlaymiz?

Ochig‘i, ushbu maqolani yozishimga yaqinda ko‘rganim – bir voqea sabab bo‘ldi. Bekatda turgan edim. Uning yonidagi do‘kondan rang-barang yelim xaltachalar ko‘tarib chiqayotgan kishilarga ko‘zim tushdi...
Xaltachalarda esa ichimliklarning ko‘zni yashnatadigan suratlari chizilgan. Ayrimlari hashamdor, tag‘in turfa shakldagi ko‘rinishi bejirim shishalarni ko‘z-ko‘z qilib, qo‘lida ushlab chiqyapti. Go‘yo ularning salohiyati ana shu do‘kondan eng qimmat spirtli ichimlik olib chiqqani bilan belgilanadi. Mashinada esa uni oila a’zolari kutib turibdi. Ayrimlari rulda shu qadar kibr bilan o‘tirishadiki, yoqangni ushlaysan.
Shu o‘rinda ikkinchi bir voqeani ham eslatib o‘tay. Bugungi kunda restoranlarda yosh yigit-qizlarning xizmat qilib pul topayotganligi sir emas. Mayli, bu mehnat, pul topishning yo‘li. Ammo…
Restoranda xizmat qilgan yigitlarning biri bilan suhbatlashyapman.
- Bolam, hozir aroqning zo‘ri qaysi?
- "Tashvino"nikida, aka.
- Qaysi birini ko‘proq so‘rashyapti?
- Hamma yangi chiqqanidan so‘raydi.
- Nega? - so‘rayman undan.
U esa "chunki uch oyning ichida yasamasi chiqadi-da", deydi tortinmay. "Aroq ko‘p ichilyaptimi to‘ylarda?", so‘rayman yana. "Unchalik ko‘p emas-u, lekin eng zo‘r aroqlarni ochib tashlashadi-da. Hozir viski ichish moda bo‘lgan. Ayollar ham shuni talab qilishadi", dedi u.
Endi tasavvur qiling. O‘z viloyatida o‘lkashunoslik yoki boshqa tarixiy muzeylar, ulug‘ obidalar qayerdaligini bilmagan, hatto u yerlarga qadam bosmagan o‘spirin nimadan ibrat olyapti? U uyasida nimani ko‘ryapti? O‘sha ochib tashlangan, nomi chiqqan ichimliklardan havas uchun tatib ko‘rmasligiga kafolat bera olasizmi?! Meni qiynayotgan ana shu savoldir.
Butun dunyoda ichkilikbozlikka, tamaki chekishga qarshi kurash ketayotgan bir paytda spirtli ichimliklar do‘konlarini kecha-yu kunduz ochib qo‘yishimiz, u yerdan istagan kishining mahsulot olishiga imkon berishimiz, restoranlarda farzandlarimizning nigohini qimmatbaho alkogol bilan ochishimiz biz, kattalar uchun gunoh emasmi?!
Yana bir holat xotirimga keldi. Mehmondorchilikda bir tanishim oila a’zolari va kelgan mehmonlar huzurida maktabda o‘qiydigan o‘g‘liga "Bolam, shkafdagi Shveysariyadan kelgan viskini olib kel", dedi. Bola obkeldi. Keyin otasi uyida ichimliklardan to‘plagan bisotini nomma-nom maqtab ketdi. Hatto unga "Hoy, birodar, yoshi ulug‘ mehmonlar, bolalar oldida ichimlikni maqtagandan ko‘ra, uyda qancha kitobingiz borligini ayting", deyishdan tiyildim. Chunki unga bu gapim ta’sir qilmasdi, aytsam, xafa bo‘lishi ham tayin edi. Endi o‘zingiz o‘ylang, bola uyida nimani ko‘ryapti?
Avvallari mahallada birorta ichadigan bo‘lsa, uning basharasiga qarab bilardik. U ham o‘zini odamlardan chetga olib yurardi. Bugungi ichuvchilarda hayo qolmadi. Qimmatbaho kostyum-shim, bo‘yinbog‘larda do‘kondan hammaning ko‘z o‘ngida qimmatbaho ichimlikni olib ketishadi. Shunaqa toifa ichkichlar ham ko‘paygan. Ichkilikni uydagilardan, ayniqsa, ota-onadan yashirib, bir amallab ichardik. Bugun esa ota-bola bir dasturxonda "qani, oldik" deyapti.
Qush uyasida nimani ko‘ryapti? Nahotki biz ichkilikbozlikni uning idishlarida, xaltachalarida "san’at"ga aylantirmoqchi bo‘lyapmiz. Kelgusida ularning nomi "shirin", "layli", "oromijonim", "do‘stim", "qadrdonim", "sevgilim" deb atalmasligiga kafolat bera olasizmi?
Shu o‘rinda ko‘nglimdagi bir gapni aytib o‘tsam. Albatta, zamonaviy iqtisodiyotda brend degan narsa juda kerak. U mamlakatni, ishlab chiqaruvchini elga tanitadi, bozorini chaqqon qiladi. Lekin kamina 80 yosh atrofida ham xorijlik davlatlarga oid brendlarda davlat ko‘rmaganman. Biz esa "O‘zbekiston", "Samarqand", "Registon", "Qo‘qon" kabi buyuk nomlarni qo‘yayapmiz.
Buning o‘rniga ichkilik tufayli obro‘si to‘kilgan, ko‘ngilsizlikka uchragan, odamlar haqidagi voqealarni, ularning statistikasini berib borsak, bolalarimizga bu ibrat bo‘lmaydimi? O‘shanda ular ichkilik har bir balo-yu ofatning sababchisi ekanligini ravshan bilib olishadi.
Sarlavhadagi naqlni deyarli har kun takrorlaymiz. Lekin unga rioya qilmaymiz: mehmon kutsak, dasturxonga nondan avval ichimlik qo‘yamiz, spirtli ichimliklar do‘konlari peshtaxtasi jimjimador, shirakayf odamga iddao qilishni bilmaymiz, davralarda ichmaydigan odamga ham majburlash odatimiz bor va hokazo. Biz qachon qutulamiz bu illatdan. Uyida ko‘rganini qilayotgan farzandlarimizga iddao qilishni qachon tugatamiz?
Ushbu maqolani yozishimdan maqsad shulkim, har kim ana shu savollarga har kun, har lahza javob berib tursa…
Jo‘raqul Narzullayev,
faxriy jurnalist.