Qushlar qironga uchramoqda
Olimlar bashorat qilganidek, yo‘qolib borayotgan hasharotlar ketidan ular bilan oziqlanadigan qushlar ommaviy qirilishni boshladi. Hozirda bu qayg‘uli hodisa AQShning janubi-g‘arbida kuzatilmoqda, deb xabar beradi «Mir novostey» (2020 y 38-son) haftanomasi.
U yerda ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, minglab emas, balki millionlab qushlar halok bo‘lyapti. Ularda har kuni uchish uchun majol ham qolmayapti, deydi ornitologlar. AQShda ro‘y bergan fojia nafaqat ushbu mamlakat, balki butun dunyo qushlar olami uchun tashvishli hodisadir.
Qushlar Nyu-Meksika, Kolorado, Texas, Arizona, Nebraska shtatlarida samodan qulab tushmoqda. Nyu-Meksika universitetidan biologiya professori Marta Dese Mond halok bo‘layotgan qushlar tanasi va qanotlarida parvoz uchun zarur yog‘ zaxirasi deyarli qolmaganini ta’kidlaydi. Ular quruq suyak va qanot patidangina iborat. Dese Mond uyi yonida o‘nlab ana shunday o‘lik qushlarni yig‘ib olgan. Ular Alyaska va Kanadadan Amerikaning janubi-g‘arbi orqali uchib kelishda holdan toyib halok bo‘lgan. Parvoz davomida ular qo‘nib, oziqlanib olishi uchun hech vaqo topolmagan.
1970 yildan buyon AQSh va Kanada 3 milliard qushni yo‘qotdi. Ularning soni kamayib borishiga zararkunanda hasharotlarga qarshi qo‘llanilgan zaharli kimyoviy dorilar ham sabab bo‘lmoqda. Dori sepilayotgan maydonlarda turli hasharotlar - qo‘ng‘izlar, qurt-qumursqalar, chivinlar boshqa mayda jonzotlar tamoman yo‘qolib bormoqda. AQShda qushlar nobud bo‘lishi avgust oyida hali yong‘inlar uchun qulay ob-havo boshlanmasdan oldin kuzatilgandi. Olimlar yerga qo‘ngan qushlarda g‘alati fe’l-atvorni kuzatishdi. Zaharlanish oqibatida ular odamlardan qo‘rqmay qo‘yishadi va o‘lik holatiga tushadi. Mutaxassislarning fermerlarni zararkunanda hasharotlarga qarshi qushlar va hayvonlar, hatto odamlar uchun bezarar kimyoviy dorilar va biologik vositalardan foydalanishga chaqiriqlari hozircha javobsiz qolmoqda.
Tayyorlovchi: Tog‘aymurod Shomurodov.