Quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta qoidalarga rioya etish zarur

Havo keskin isib bormoqda. Bunday ob-havo, ayniqsa, bolalar, qariyalar va bemorlarga og‘ir ta’sir qiladi.

Hatto sog‘lom odamlar ham ba’zi bir qoidalarga rioya etishlariga to‘g‘ri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir bo‘ladi, lekin issiq ta’sir qilgandan so‘ng 6-8 soat o‘tib ham boshlanishi mumkin.

Quyosh urishidan saqlanish uchun bir nechta qoidalarga rioya etish zarur:

- Iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 ga qadar tik tushadigan quyosh nurlari ostida bo‘lmang.

- Tabiiy matolar (paxta, kanop kabi) dan tayyorlangan kiyim kiying.

- Albatta yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiying. Ko‘zingizga quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing.

- Suv ichish rejimiga amal qiling. Tartibsiz ko‘p miqdorda suv ichish faqat chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zo‘riqtiradi. Yaxshisi, achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv iching. Uydan chiqishingizda o‘zingiz bilan olvoling.

- Quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.

- Quyoshda bo‘lib qaytganingizdan so‘ng, dush qabul qiling yoki ho‘l sochiq bilan artining.

- Och qoringa yoki ovqat yeganingizdan so‘ng darhol quyosh ostida bo‘lmang.

Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:

- darmonsizlik, charchoq, bosh og‘rig‘i va chanqash kuzatiladi;

- bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada og‘riq bo‘lib, puls va nafas tezlashadi. Ayrim paytlarda ko‘ngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin.

- yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushini yo‘qotishi mumkin.

- ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyusinasiya kuzatilishi mumkin.

- quyosh urishining og‘ir shaklida ter ajralishi to‘xtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, nafas va yurak to‘xtashi mumkin.

- quyosh yoki issiq urganda birinchi tibbiy yordam.

Birinchi tibbiy yordamni to‘g‘ri ko‘rsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Asosiysi, kishi o‘zini yo‘qotmasdan hammasini to‘g‘ri va tez bajarish zarur.

- bemorni salqin joyga o‘tkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina ko‘tarib qo‘yish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini ta’minlash;

- agar bemor hushida bo‘lsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, (yaxshisi, suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qo‘shish);

-  boshini sovuq suv bilan ho‘llash yoki boshiga nam sochiq qo‘yish;

- og‘ir holatlarda bemorni hullangan choyshab bilan o‘rab qo‘yish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot bo‘lish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi kerak). Agar iloji bo‘lsa qon tomirlari ko‘p bo‘lgan qo‘ltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv to‘ldirilgan baklashka qo‘yish kerak;

- quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin o‘rtadagi davolash muassasasiga olib borish, og‘ir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish zarur.