Radioelektron vositalardan foydalanishda ham tartib bor

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy shu’basi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli turar-joy binosini qurish jarayoni hamda Samarqand tumani joylashgan avtomashinalarga yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida jami 9 dona radioelektron vositalardan (ratsiya) ruxsat etilmagan chastotalarda foydalanilgani aniqlandi. Qonunbuzarlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 152-moddasi 1-qismiga muvofiq, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ishlarni ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlar sudga taqdim etildi.
Aytish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi 801-son qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududdida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish)ning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish “O‘zkomnazorat” inspeksiya tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan yoki fuqarolik maqsadlarida foydalanishda bo‘lgan 446,0-446.2 MHz chastotada ishlovchi radioelektron vositalardan foydalanishi mumkin.
R.KARIMOV,
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy shu’basi mutaxassisi.