Rag‘bat ham, tanbeh ham tarbiyadir

Kambag‘allikning ham ikkita asosi bor. Birinchisi, ro‘zg‘or boquvchisining yo‘qligi yoki kasalmandlik, nogironlik kabi ishlash qobiliyati bo‘lmagan oilalarning qashshoqligi muqarrar bo‘lib, bunday oilalar bayramlar yoki favquloddagi vaziyatlarda amalga oshiriladigan bir martalik tadbirlar bilangina emas, balki ular, davlat va hokimiyat tashkilotlarining doimiy nazoratida va homiyligida bo‘lmog‘i kerak. Ikkinchi toifadagi qashshoqlik sababi esa, ishyoqmaslik, yalqovlik, dangasalik bo‘lib, “bersang yeyman, ursang o‘laman”, - deb yurgan, to‘rt muchasi sog‘, o‘larman, tekinga o‘rganib qolgan muttahamlardir.

Xullas, bunday qavmni kambag‘al sanab, yordam ko‘rsatish kerak emas. Negaki, avvalo, ularning ko‘pchiligida ish ob’yekti ham, mehnat qurollari ham mavjud. Kerak bo‘lsa, qornining suvini qimirlatib, mehnat qilib yashasin. Oshib borsa, mehnat sharoiti yaratib berishingiz mumkin. Ammo, harakat qilishni o‘ziga qo‘ying-tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zadi.

Mehnatning noni totli va barakali bo‘ladi. Aytayotganimiz g‘ofil-johil bandalar ham, o‘z manglay teri bilan topgan ne’matlaridan bir-ikki bahramand bo‘lgach, ko‘pincha, mutlaqo boshqacha odamga aylanib, o‘zgarib ketishi ham mumkin... Asosiysi, aravani joyidan qo‘zg‘ab, yurgizib yuborishdir.

Shunday qilib, rag‘bat ham, tanbeh ham, adolat qoidasidagi eng ta’sirchan tarbiyaviy omillardir.

Nuriddin Boboqandov.