Rahbarlarning uzluksiz malaka oshirishi faoliyat samaradorligini ta’minlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 8 avgust kuni imzolangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasida har bir davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shartligi belgilab qo‘yildi. Demak, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyati davomida o‘z ustida tinimsiz ishlab, uzluksiz malaka oshirib borishi uning davlat xizmatidagi majburiyatlaridan biri sifatida yuklatildi. 

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 13 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshiradigan boshqaruv kadrlarining lavozimlari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 537-son Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2023-2024 o‘quv yilida davlat granti asosida malaka oshirish kurslariga yuboriladigan boshqaruv kadrlarining lavozimlari tarkibi tasdiqlandi.

Ushbu me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan talablarni amalga oshirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi va uning hududiy filiallarida davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. 

Joriy yilning sentyabr-noyabr oylari davomida akademiyaning Samarqand hududiy filialida Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlaridan jami 437 nafar Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi rahbar va xodimlari kadrlar sohasida malakasini oshirdi. 

Noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab akademiya filialida boshqarma va idoralarning o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbar kadrlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Ushbu kurslar keyingi yilning iyun oyigacha davom etib, 3 ta hududdan jami 500 nafardan ziyod rahbar kadrlarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Ushbu malaka oshirish kurslari 60 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, hudud darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan rahbarlarning bilim, malaka va ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Malaka oshirish kursi davomida rahbarlarga «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi: maqsadlar va kutilayotgan natijalar, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish va “Halollik vaksinasi”, zamonaviy menejment usullari kabi mavzularda ma’ruza, seminar hamda vebinarlar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, tinglovchilarning soha yuzasidan amaliy bilimlarini rivojlantirish maqsadida muloqot, boshqaruv ko‘nikmalari, taym-menejment, xodimlarni motivatsiyalash bo‘yicha trening mashg‘ulotlari ham tashkil etilmoqda. Ushbu trening mashg‘ulotlarining tashkil etilishi ilm bilan amaliyotni bir-biriga integratsiya qilish, tinglovchilarning ham kasbiy, ham shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Malaka oshirish kurslari yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etilishi belgilangan.

Ra’no Umarova,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori