Ramatov, Ortiqxo‘jayev, Mavlonov… Yana bir qator lavozim o‘zgarishlari haqda xabar berilmoqda
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga Akmalxo‘ja Mavlonovning ma’qullangani haqda rasmiy xabar berildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi telegram sahifasida e’lon qilindi.
"2021 yil 18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga Akmalxo‘ja Mavlonov nomzodini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar" deyiladi xabarda.
Bungacha Akmalxo‘ja Mavlonov Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.
Shuningdek, OAV hukumatda yana bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishi kutilayotgani aytilgandi. Mazkur xabar ortidan kun.uz o‘z manbasiga asoslanib, Ochilboy Ramatov bosh vazir o‘rinbosarligidan ketishi mumkinligi haqda ham xabar berdi.
Bosh vazir o‘rinbosarligiga qurilish vaziri Botir Zokirov qaytishi taxmin qilinmoqda. Ammo mazkur xabarlar hozircha rasman tasdiqlangan emas.