Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni fazilati

Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilishdir...
Ramazonning oxirgi o‘n kunining bir nechta fazilatlari bor bo‘lib, ular quyidagilardir:
Bu kunlarning fazilati sababli Alloh taolo bandalarini do‘zaxga kirishdan ozod qiladi. Bu haqida Salmon al-Forisiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...U (Ramazon) uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish bo‘lgan oydir....”, deganlar. (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Ro‘zadorlar birinchi o‘n kunlikda Allohning rahmatiga sazovor bo‘lib, ikkinchi o‘n kunlikda gunohlari mag‘firat qilinib, uchinchi o‘n kunlikda esa do‘zaxdan ozod qilinadi. Shuning uchun, har kim bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, foydalanib qolish lozim.
Ramazoning oxirgi o‘n kechalari ichida “Qadr” kechasi bor. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidiringlar”, dedilar. (Muslim rivoyat qilgan).
Boshqa bir rivoyatda, oxirgi o‘n kunning toq kechalaridan Qadr kechasini izlash haqida aytilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n (kechasining) toq (kechalari)dan qidiringlar”, dedilar. (Buxoriy rivoyat qilgan).
Demak, bu o‘n kun kechalarining birida Qadr kechasi borligi sababli boshqa kunlardan fazilatli bo‘ldi. Kim Qadr kechasining fazilatiga ega bo‘lmoqchi bo‘lsa, Ramazoning oxirgi o‘n kechalarini ibodatlar bilan bedor o‘tkazishi lozim bo‘ladi.
Nabiy alayhissalom Ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirganlar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo u kishini vafot ettirgunicha Ramazonning oxirgi o‘n (kunida) e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin, xotinlari e’tikof o‘tirishdi”. (Muttafaqun alayh rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kunlarda e’tikof o‘tirishlari ham, oxirgi o‘n kunlarning fazilatli ekaniga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz Ramazoning oxirgi o‘n kuni kirishi bilan ibodatga qattiq bel bog‘lardilar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlikdan boshqasida qilmagan harakatini oxirgi o‘n kunlikda qilar edilar”. (Muslim rivoyat qilgan).
Yana bir boshqa hadisda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: U aytdi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxirgi o‘nlik kirgan vaqtda, belni mahkam bog‘lardilar va uning kechasini tiriltirar va o‘z ahllarini ham uyg‘otar edilar”. (Muslim rivoyat qilgan).
Nabiy alayhissalom bu o‘n kunlikda nafaqat o‘zlari ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlar, balki ahli oilasini ham shunga targ‘ib qilib, ularni ham kechalarda ibodat uchun uyg‘otar ekanlar. U zotning bu amallarini barchamiz o‘zimizga lozim tutsak, muhim sunnatga amal qilgan bo‘lamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu kunlarda ibodatlarga qattiq kirishishlari ham bu kunlarning fazilatiga dalolat qiladi.
Ramazonning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning mag‘firat qilinishi haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonning oxirgi kechasida o‘zining ummatini mag‘firat qilinadi”, dedilar. “Ey, Allohning Rasuli! U (oxirgi kecha) Qadr kechasimi?”, deyildi. U zot: “Yo‘q. Lekin amal qiluvchi o‘z amalini bajarib bo‘lsa, ajrini unga to‘liq qilinadi”, dedilar. (Ahmad rivoyat qilgan).
Bu hadisi sharifda ro‘zador kishi bir oy mobaynida qilgan ibodatlari sababli erishgan ajr va savoblari unga Ramazonning oxirgi kechasida to‘liq qilib berilishi haqida aytilmoqda.
Yuqoridagi hadisi shariflardan Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni naqadar fazilatli ekani barchamizga ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, barchamiz bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savoblarimizni ko‘paytirib, gunohlardan poklanib olishga harakat qilaylik. Zero, Ramazonning ham sanoqli kunlari qolyapti. Bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarib, keyin afsuslanib yurmaylik. Alloh taolo bu ulug‘ oy sababidan barchamizning gunohlarimizni kechirsin, savoblarimizni ko‘paytirib bersin.