“Raqamli hukumat” platformasi orqali 49 ta davlat organlarining veb-xizmatlari amalga oshirilmoqda

Samarqand shahrida kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining “2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish” mavzuidagi Davlat xizmati forumi (UNPSF 2025) o‘z ishini boshladi.

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UNDESA), O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilgan forumda Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlaridan vazirlar va davlat xizmatiga mas’ul organlar rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga tabrigini Prezident yordamchisi S.Mirziyoeva o‘qib eshittirdi.

Forumning ochilishida shuningdek, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha bosh kotibi yordamchisi Navid Hanif, Malayziya Bosh vaziri o‘rinbosari Fadillah Yusuf so‘zga chiqib,  anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimizda davlat xizmatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va ularning samaralari haqida so‘z yuritdi.

– Keyingi besh yilda bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, o‘n yilliklarga teng ishlar amalga oshirildi, – dedi Sh.Shermatov. – “Raqamli hukumat” idoralararo integratsiya platformasi orqali 49 ta davlat organlarining 390 dan ortiq veb-xizmatlari amalga oshirilmoqda, ularga har kuni 216 dan ortiq axborot tizimlari ulanadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari 760 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi. Biz 2030-yilgacha raqamli texnologiyalar eksportini 5 milliard AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilganmiz, joriy yilda bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta Elektron hukumatni rivojlantirish reytingining “juda yuqori” darajasiga ega mamlakatlar guruhiga kirdi va GovTech yetuklik indeksida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, “A” toifasiga kirdi.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri forumning Samarqand deklaratsiyasi haqida ma’lumot berdi va u raqamli transformatsiya, innovatsiya va yangi texnologiyalar, ishonchli davlat boshqaruvi, inklyuzivlik va texnologiya, kirberxavfsizlik kabi yetti maqsaddan iboratligini qayd etdi.

Forum doirasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev Shvetsiya davlatining Migratsiya masalalari bo‘yicha vaziri Yoxan Forssell, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar bilan uchrashdi.

Muloqotlarda Yevropa davlatlari mintaqalari bilan Samarqand viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.