Raqamli iqtisodiyot - yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi. Jumladan, ta’lim tizimida ham
Mamlakatimizda 2020 yil - Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilinishi boshqaruv, iqtisodiyot, qolaversa, hayotimizning barcha sohalarini tubdan modernizatsiya qilish vazifasini o‘rtaga qo‘ydi hamda elektron axborot almashinuv jarayonlarini yanada tezlashtirib yubordi. Raqamli iqtisodiyot rivojlangan davlatlarda yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning hajmi ham, YaIMning aholi son boshiga ulushi ham yuqori. Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining bu masalaga davlat miqyosida qarashlari birinchidan, aholining yashash darajasini yuksaltirish, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishni ko‘zlaydi.
Raqamli iqtisodiyot deganda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimi tushuniladi. Ba’zida u internet iqtisodiyoti, yangi iqtisodiyot yoki veb-iqtisodiyot, degan terminlar bilan ham ifodalanadi.
Raqamli iqtisodiyot - zamonaviy milliy iqtisodlarning qiyofasini o‘zgartirib, ularning samaradorligini va shaffofligini oshirmoqda. U bugungi kunda jahon iqtisodining drayveri, rivojlanish belgilaridan biri. Raqamli iqtisodiyot - bu noldan boshlab yaratilishi lozim bo‘lgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellar yaratish va ularni kundalik hayotga tatbiq etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga ko‘chirish deganidir.
1995 yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte “raqamli iqtisodiyot” terminini amaliyotga kiritdi. Hozirda bu istilohni butun dunyodagi siyosatchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar – deyarli barcha qo‘llamoqda. 2016 yilda Jahon banki dunyodagi raqamli iqtisodiyotning ahvoli haqida ilk marta ma’ruza e’lon qildi (“Raqamli dividendlar”).
Raqamli iqtisodiyot korrupsiya va “qora iqtisodiyot”ning asosiy kushandasi. Chunki raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda ma’lumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron ma’lumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida to‘liq axborot bermaslikning iloji yo‘q. Kompyuter hammasini namoyon qilib qo‘yadi.
Ma’lumotlar ko‘pligi va tizimliligi yolg‘on va qing‘ir ishlarga yo‘l bermaydi. Chunki tizimni aldash imkonsiz. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot ta’lim tizimiga keng joriy etilsa, axborotlar almashinuvi tezlashadi, ta’lim olishning shakllari ko‘payadi hamda har qanday shaxs masofadan turib bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yil pandemiya davrida korxonalarda faoliyat yurituvchilar ish beruvchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, karantin qoidalariga amal qilgan holda, masofadan turib ishlash, bilim olish va malaka oshirish amaliyoti keng joriy qilindi. Bu o‘z navbatida, elektron axborot almashish jarayonini, ya’ni ma’lumotlarni elektron shaklda yetkazish va qabul qilish tartibini yanada kuchaytirdi.
Ta’lim natajalarini asoslovchi sertifikatlarni elektronlashtirish bizga qanday qulaylik yaratadi? Uning afzalliklari qanday ekanligini taqqoslash uchun xorijiy tajribaga e’tibor qaratish yetarli bo‘ladi. Xususan, Germaniya, Italiya, Daniya kabi ko‘plab davlatlarda ma’lumot va hujjatlarni elektron usulda yetkazish va qabul qilish tartibi allaqachon o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Ta’lim tizimida masofadan turib tahsil oluvchilar yakuniy imtihonlardan so‘ng sertifikat yoki diplomlarni elektron tarzda olish afzal, deb hisoblaydi. Bu kabi elektronlashtirish amaliyotidan foydalanish O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yilayotganligi xayrli ishlardan sanaladi.
Ta’lim natijalariga ko‘ra, bitiruvchilarga elektron sertifikatlarni berish amaliyotini joriy etish maqsadida noyob identifikatsiya raqami va QR-kod hamda himoya elementlarini nazarda tutuvchi elektron sertifikatlar repozitoriysi tizimi va dasturiy ta’minotini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Elektron sertifikatlar repozitoriysi deganda, elektron sertifikatlar saqlanadigan baza, ya’ni sertifikatlar bo‘yicha fayl va ma’lumotlarni jamlovchi ombor tushuniladi. Elektron sertifikat berish orqali masofani yaqin qilib, turli xarajatlar tejaladi, sertifikatni elektron tayyorlashda vaqt tejaladi va hujjatning qog‘oz shaklidan voz kechiladi. Elektron sertifikatlarni tayyorlash uchun maxsus dastur ishlab chiqiladi va unga ko‘ra sertifikatlarga avtomat tarzda, ketma-ketlikda tartib raqam beriladi hamda guruhlar bo‘yicha alohida bo‘limlar tashkil etiladi.
O‘quvchilar har qanday kursning yakunida imtihondan ijobiy natijaga ega bo‘lgach, elektron sertifikatlar saqlanadigan bazaga kirishlari uchun o‘zlarining ism-shariflarini to‘liq kiritish yo‘li bilan yoki ta’lim beruvchi muassasa tomonidan berilgan login orqali elektron sertifikatlar repozitoriysiga kirib, sertifikatni yuklab olish uchun shaxsiy pasport seriya raqamlarini kiritadi hamda qisqa muddat ichida sertifikatni yuklab oladilar. Sertifikatlar har bir soha yo‘nalishlariga qarab ajratiladi va ular elektron bazada saqlanadi.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ayni vaqtda Ilm-fan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish davlat dasturida belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishida munosib hissa bo‘ladi.
Gulnora XUDOYBERDIYeVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.