50 million AQSh dollarilik kredit evaziga amalga oshirilayotgan “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi qanday maqsadlarni ko‘zlagan?
Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyev viloyat Kengashining yetmish sakkizinchi sessiyasida axborot berdi.
- Jahon bankining kredit mablag‘larini jalb qilgan holda “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln. AQSh dollari miqdorida kredit jalb etish maqsad qilingan, - dedi D.Xo‘jamberdiyev. - Mazkur mablag‘ O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va hududlarda BPO (biznes jarayonini boshqarish autsorsingi) va KPO (bilimlarni boshqarish autsorsingi)larni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yoshlar, ayollar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda xizmatlar eksportini oshirish uchun yo‘naltiriladi.
Loyiha doirasida viloyatlarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxonalar binolari rekonstruksiya qilinadi va yangi binolar quriladi, ularda BPO va KPO markazlarini tashkil etish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratiladi hamda xalqaro BPO va KPO kompaniyalari jalb etiladi.
Masalan, 2022 yilning o‘tgan davrida Samarqand shahrida faoliyat olib borayotgan “KMS Trans SO” qo‘shma korxonasiga tegishli bo‘lgan binoda ushbu korxona tomonidan “BPO-scooll” markazi tashkil etildi. Ushbu markazda viloyatdagi ishsiz yoshlarni jalb qilgan holda AQShdagi yuk avtomobillarining harakatini nazorat qilish bo‘yicha o‘qitiladi. Tinglovchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan bo‘lib, ularni o‘qishga qabul qilishda ingliz tilida erkin so‘zlasha olishlari va kompyuterda ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lish talablari qo‘yildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida “Prime Samarkand” oilaviy korxonasi faoliyat olib borayotgan binoda axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini qo‘llash orqali masofaviy xizmatlarni ko‘rsatish va eksport (IT-autsorsing) qilish markazi tashkil etildi va joriy yilning 27 oktyabr kuni viloyat hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov hamda keng jamoatchilik ishtirokida rasmiy ochilishi bo‘ldi.
Bugungi kunda ushbu markazda 40 nafarga yaqin fuqaro o‘z ish faoliyatlarini olib bormoqda.
Loyiha quyidagi yo‘nalishlarda faoliyatni amalga oshirishni nazarda tutadi:
- yoshlar, ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va BPO sohasida me’yoriy-huquqiy tartibni takomillashtirish;
- BPO kompaniyalari uchun hududlar kesimida tashqi iqtisodiy faoliyat darajasini oshirish va ish o‘rinlarini yaratish uchun rag‘batlantirish mexanizmalarini ishlab chiqish;
- hududlarda BPO markazlarini rekonstruksiya qilish va qurish.
Loyihani amalga oshirish jarayonida quyidagi natijalarga erishish rejalashtirilgan:
- Dasturiy axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganishga qaratilgan chet tillari, kompyuter savodxonligi va muloqot qobiliyatlari o‘rganiladi;
- autsorsing xizmatlari bozorlariga xususiy investitsiyalar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish uchun institutsional, huquqiy va me’yoriy-huquqiy baza takomillashtiriladi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot uchun huquqiy va me’yoriy-huquqiy bazani rivojlantirish uchun yanada kengroq qo‘llab-quvatlash, bunda inklyuzivlikka alohida e’tibor qaratish va ma’lumotlarni boshqarish, intellektual mulkni himoya qilish, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish, ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlik uchun zamonaviy vositalar va kafolatlar berishga e’tibor qaratiladi;
- kasbiy tayyorgarlik, jihozlar va ekspluatatsiya harajatlarini tashkil etish maqsadida, VRO kompaniyalari uchun moliyaviy rag‘batlantirish dasturi ishlab chiqiladi. Bu esa, jahon VRO kompaniyalarida O‘zbekistonga qiziqish ortib, respublikamizda kelgusidagi faoliyatlarini olib borishga undaydi. Natijada 10 mingdan 25 ming kishigacha ish bilan ta’minlanish kutilmoqda.