Raqamli iqtisodiyot nima?
Raqamli iqtisodiyot – bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarda raqamli texnologiyalarni qo‘llash asosida amalga oshirish tizimi. Uni ba’zida internet iqtisodiyoti, yangi iqtisodiyot yoki veb-iqtisodiyot, deb atashadi. "Raqamli iqtisodiyot” terminini esa birinchi bo‘lib, 1995 yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte amaliyotga kiritgan.
Raqamli iqtisodiyotning oddiy iqtisodiyotdan farqi nimada?
Masalan, qaysidir xaridorga poyabzal kerak. Uni bozorga tushib, o‘zi tanlasa va naqd pulga sotib olsa, bu an’anaviy iqtisodiyot sanaladi. Telegramdagi biror-bir savdo boti orqali o‘ziga ma’qul tovarni tanlab, tovar egasiga pulni elektron to‘lov tizimi orqali to‘lash va tovarni yetkazib berish xizmati orqali olishga raqamli iqtisodiyot, deyiladi.
Aslida, hammamiz anchadan buyon raqamli iqtisodiyot ichidamiz, uning qulayliklaridan foydalanamiz. Xususan, oylik maoshimiz plastik kartaga tushadi, elektron to‘lov orqali kommunal xizmatlar, telefon, internet hamda boshqa mahsulot va xizmatlarga to‘lov qilamiz, elektron tarzda soliq deklaratsiyasi topshiramiz, kartadan kartaga pul uzatamiz, uyga taom buyurtma qilamiz va hokazo.
Raqamli iqtisodiyot – bu noldan boshlab yaratilishi lozim bo‘lgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellarini yaratish, ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga ko‘chirish, degani.
Belgilari:
* yuqori darajada avtomatlashtirilganlik;
* elektron hujjat almashinuvi;
* buxgalterlik va boshqaruv tizimlarining elektron integratsiyalashuvi;
* ma’lumotlarning elektron bazalari;
* CRM (mijozlar bilan o‘zaro munosabat tizimi) mavjudligi;
* korporativ tarmoqlar.
Qulayliklari:
1. To‘lovlar uchun xarajatlar kamayadi (masalan, bankka borish uchun yo‘lkira va boshqa resurslar tejab qolinadi).
2. Tovarlar va xizmatlar haqida ko‘proq va tezroq ma’lumot olinadi.
3. Raqamli dunyodagi tovar va xizmatlarning jahon bozoriga chiqish imkoniyati kengayadi.
4. Fidbek (iste’molchi fikri)ni tez olish hisobiga tovar va xizmatlar jadal takomillashtiriladi.
5. Tezroq, sifatli, qulay tamoyili yorqin namoyon bo‘ladi.