Rashid Ko‘bayev e’tibordan chetda emas

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar, Hunarmandlar mahallasi, Bedil ko‘chasi 16 «a»-umumiy uy, 8-xonadonda istiqomat qiluvchi Rashid Ko‘bayevning nochor sharoitda yashayotgani, unga davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmayotgani haqida videolavha ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, 3-ichki ishlar bo‘limi ma’sul xodimlari 16 mart kuni ushbu fuqaroning xonadoniga borib vaziyatni o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro Rashid Ko‘bayev nogironligi (ammo nogironligini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emas), yuqorida ko‘rsatilgan manzilda sha’riy nikohda 3 nafar xotini borligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, 1987 yilda tug‘ilgan Ch.Tursunovadan 2 nafar, N.Rahimovadan bir nafar (voyaga yetgan), 2019 yil noyabr oyida vafot etgan marhum O‘.Ismoilovadan bir nafar o‘g‘li bilan yashayotgan ekan. Hunarmandlar mahallasi tomonidan R.Ko‘bayev holidan xabar olinib, ikki nafar qiziga 2020 yilning yanvar oyidan nafaqa puli tayinlanganligi aniqlandi.
Lavhada R.Ko‘bayev uning holidan hech kim xabar olmayotganini aytgan. Vaholanki, Samarqand shahar mahallalar kengashi 2019 yilda unga bitta gilam hamda 800 ming so‘m moddiy ko‘mak berilgan. O‘rganish o‘tkazilgan kun ham mahalladagi tadbirkorlar tomonidan bu fuqaroga bir million so‘m beg‘araz yordam ko‘rsatildi.
Samarqand shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi axborot xizmati.