Referendumga befarq bo‘lmagan yoshlar Jomboyda jam bo‘ldi

Jomboy tumanida “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizdagi avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar xodimlari, tadbirkorlar, harbiylar, sportchilar va yoshlar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilarni yangilanayotgan Konstitutsiya uchun shu yil 30 aprelda o‘tkaziladigan referendumga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

- 2010 yilda o‘z faoliyatimni boshlaganman, - deydi urgutlik tadbirkor Xurshid To‘rayev. – 2014 yilda Urgut tumanida sellofan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganimda  korxona xodimlari 23 nafarni tashkil etardi. Bugungi kunda ularning soni 3 ming nafarga yetdi. Imkoniyatlardan foydalanib, qurilish korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydim. Xorijiy investorlarni jalb qildik. Mamlakatimizning turli hududlarida yangi binolar quryapmiz. Yurtimiz ravnaqi, tadbirkorlik rivoji, ishchi xodimlar va farzandlarim taqdiriga befarq bo‘lmagan holda 3 ming kishilik jamoamiz va oila a’zolarim bilan birga referendumda faol ishtirok etamiz.

Tadbirda sambo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, sakkiz karra Osiyo chempioni, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sambo bo‘limi katta treneri Shavkat Jo‘rayev o‘z shogirdlari bilan ishtirok etib, erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

- Mamlakatimizda sportga alohida e’tibor qaratilyapti, - deydi u. - Buning samarasini futbolchilarimiz, kurashchi-yu bokschilarimiz, shaxmatchilarimiz va boshqa sportchilarimizning natijalarida ko‘rishimiz mumkin. Men faoliyat yuritayotgan markazda ham chempionlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Kelgusida ham ko‘plab shogirdlar tayyorlab, chempionlar yetishib chiqishi uchun bor kuch-g‘ayratimni ayamayman. Bu yo‘lda yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bizga yanada keng imkoniyatlar yaratishiga ishonaman.



Poytaxtdan kelgan san’atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga zavq bag‘ishladi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).