Reportaj: Dahbed shaharchasidagi ko‘cha ta’miri qachon tugaydi?

Oqdaryo tumanidagi Dahbed shaharchasini kesib o‘tgan yo‘lning 2 kilometri rekonstruksiya qilinyapti.

Bu ish “New Tech Samarqand” MChJ korxonasining quruvchilari tomonidan bajarilyapti.

Ikki tomonlama 4 qatorli mazkur yo‘l bugunga kelib butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda. Shu paytgacha 24 metr bo‘lgan yo‘lning kengligi 36 metrga yetkazildi. Ikki tomonlama uch qatorli yo‘l, 2,5 metr piyodalar va veloyo‘laklar bunyod etilmoqda. Shuningdek, yo‘lning chetida 2 metr yashil maydon va gulxona tashkil etilyapti. 

- Hozirgacha yo‘lning o‘ng tarafida 2 kilometrga yaqin eski ochiq beton ariqchalar o‘rniga yopiq kanalizatsiya quvurlari tashlandi, - deydi “New Tech Samarqand” MChJ korxonasi ish boshqaruvchisi Ilhom Yaxshiboyev. – Hududning har 30 metriga bittadan tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish ishlari boshlab yubordik. Qariyb 4 ming metr elektr kabel tortilib, 120 dona tungi chiroqlar o‘rnatiladi.   

Payariq tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining 30 nafardan ziyod ishchilari yo‘lning qariyb besh yuz metr qismiga kanalizatsiya quvurlari o‘rnatmoqda.

Katta yo‘l yoqasidagi suv oqova tarmoqlari maxsus texnikalar yordamida bostirilib, mustahkamlanmoqda. Har 10 metrda ko‘chadagi suvlar oqib kirishi uchun maxsus tuynuk qilinmoqda.

Yo‘lning bir qismidagi yaroqsiz qoplamalar olib tashlanib, bir qavat asfalt quyish ishlari yakunlandi.

Yo‘lning ikki chetida joylashgan 20 dan ziyod noqonuniy qurilmalar o‘rniga 2 metrlik devor tortildi. Hozirda ular bo‘yalib, tartibga keltirilmoqda. Ariqlar ustiga beton ko‘priklar o‘rnatilmoqda. 

Qurilish ishlari yakunlanishi bilan hududdagi transport qatnovi izga tushadi, tirbandlikning oldi olinadi va ko‘chalar yangicha qiyofa kasb etadi.

Mazkur hududdagi ishlari yil yakunigacha tugallanadi.

 Dilmurod To‘xtayev.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.