Respublika fan olimpiadasi: 6 daqiqada 50 ta savolga to‘g‘ri javob berish mumkinmi?

Hatto robot ham bunday tezlikda savollarga to‘g‘ri javob belgilay olmasa kerak?..

Yaqinda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida fan olimpiadalarining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Koronavirus xastaligi tarqalishining oldini olish maqsadida mazkur tanlov bu yili onlayn tarzda tashkil etildi. (Garchi yoshlar o‘rtasida minglab ishtirokchilar qatnashayotgan festivallar o‘tkazilishi davom etayotgan bo‘lsa-da, ammo sanoqli talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan olimpiadani onlayn tarzda o‘tkazilishi ham qiziq).

Xullas, barcha fandan o‘tkazilgan fan olimpiadasining respublika bosqichida talabalarga o‘sha fan bo‘yicha 50 ta savol berilgan. Ushbu savollarga javob berish uchun bir soat vaqt ajratilgan bo‘lib, olimpiada ishtirokchilari bir vaqtning o‘zida noutbuk orqali kameralarini yoqqan holda savollarga javob bera boshlaydilar.

Tabiiyki, faqatgina test savollariga javob berish orqali g‘oliblarni aniqlash juda mushkulligini ko‘pchilik tushunib turgan bo‘lsa kerak. Sababi, savollarga to‘liq javob berganlar soni ko‘p bo‘lishi tabiiy. Olimpiada hay’ati a’zolari bu masalani ham oldindan o‘ylab, bu haqda talabalarga ma’lum qilingani haqida eshitdik. Ya’ni, savollarga to‘liq, to‘g‘ri javob bergan talabalar orasidan vaqt nuqtai nazaridan birinchi bo‘lganlari g‘oliblikka ko‘proq da’vogar bo‘lishi mumkin.

Har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etgan talabalar raqiblarining ham natijalarini kuzatish imkoniga ega. Dastur avtomatik tarzda ishtirokchilarning necha daqiqada, qancha savolga to‘g‘ri javob berganini aniqlab, oshkor qilib qo‘yadi. Talabalar orasida shundan so‘nggina e’tirozlar boshlandi. Sababi, har bir fandan 50 ta test savollariga yetti, hatto olti daqiqada to‘ppa-to‘g‘ri javob belgilagan talabalar soni ham anchagina ekan. Hatto robot ham bunday tezlikda avval savollarni, so‘ng javoblar qatorini o‘qib, to‘g‘risini belgilay olmasa kerak?

Bunday natija kishini turli xayollarga boshlashi aniq: savollar ehtimol kimlargadir oshkor etilgandir. Axir 50 ta savolni to‘liq o‘qib, mag‘zini chaqish uchun ham 6 daqiqa vaqt yetarli bo‘lmasligini hammamiz tushunib turibmiz-ku!

Xo‘sh, olimpiadaning shaffof o‘tganiga qanday ishonish mumkin bu holatdan keyin? Nima deysiz?

Gulruh Mo‘minova.