Respublika mahallalar kengashi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Oila” markazi faollarining MUROJAATI

Hurmatli yurtdoshlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar!
Qadrli yoshlar!
Jonajon O‘zbekistonimiz milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari komil ishonch bilan katta yo‘lga chiqdi. Mamlakatimizning har bir tumanida, har bir chekka hududida amalga oshirilayotgan islohotlar har birimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashimizga qaratilgani ayni haqiqatdir. Shu sababli ham oramizda tomoshabinlar kamayib, islohotlarning faol ishtirokchilari ko‘payib borayotir.
Biroq buning o‘zi yetarli emas. Har birimiz o‘zimizga savol beraylik: bizning mana shu shiddatli o‘zgarishlarga daxldorligimiz qanday? Xalqimizda shukronalik kayfiyatini uyg‘ota olayapmizmi?
Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yo‘qolib, munosabatlarga manfaat, tama qo‘shilayotir? Nega o‘z bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar ko‘payib borayotganiga indamay qarab turibmiz?!
Bizda azaldan ota – oilaning ustuni bo‘lib kelgan. “Ota rozi – xudo rozi” demaganmi xalqimiz? Unda nega oilalarda otaning o‘rni yo‘qolib borishiga indamay qarab turibmiz?! Ijtimoiy-ma’naviy muhitda parokandalik, oilaviy munosabatlarda muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajralishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolarni otalar ko‘rmayaptilarmi? Eshitmayaptilarmi?
Er xotiniga, xotin eriga qasd qilishiga nega befarq qarab turibmiz? Farzand otasiga, onasiga, aka-ukasiga qo‘l ko‘tarishi biz uchun uyat emasmi?! Bundan yetti pushtiga tavqi-la’nat kelmaydimi? O‘z bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayrim nomunosib onalar bizning g‘ururimizni, orimizni toptamayaptimi? Eng yomoni, biz nega bu ayanchli manzaralarni ko‘rishga o‘rganib borayapmiz?!
Bugun yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyorlanmay, hayotga kirib kelmoqda. Turmush qurishayapti. Buning oqibatini tobora oshayotgan ajrimlarning soni ko‘rsatib turibdi.
Begonaga ergashmaylik!
Biz boshqalarga ergashgan emas, ergashtirgan millatmiz. Afsuski, bugun to‘y-hasham, marosimlarimizda ham be’mani orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlik, begona “urf-odatlar”ga ko‘r-ko‘rona ergashish nimasi?
Qachondan buyon mehr-oqibat, odob-axloq tushunchalari bizga begona bo‘lib qoldi? Yoshlarimizdagi befarqlik, mas’uliyatsizlik, ishdan qochish kabi illatlarga qachongacha tomoshabin bo‘lish mumkin?! Ota-onalarning bolasi qayerda, kim bilan, nima qilayotganiga qiziqmasligi Yaratganning o‘zi bergan ne’matga noshukrlik emasmi?!
Bu illatlarga barham berish mahallalardagi har birimizning nuroniylik, otaxonlik, onaxonlik va albatta, fuqarolik burchimizdir. Ajdodlar oldidagi burchimiz, Milliy yuksalish bizlardan shuni talab etmoqda.
Aziz vatandoshlar!
Millatni chalg‘itayotgan, mamlakat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘layotgan illatlarga jamoatchilik nazoratining tanqid nayzasi bilan biz – o‘zimiz chek qo‘ymas ekanmiz, yemirilgan oilalar, yetim qolgan go‘daklar, ko‘chada qolgan mushtipar onalar, bir qorindan talashib tushgan aka-uka, opa-singillarning turmush jinoyatlarini yo‘qotib bo‘lmaydi.
Azizlar!
Bolalarimiz baxtini isrofgar to‘y, sarpo, tog‘oralarga almashmaylik! Oilalarda arzimas ikir-chikirlardan boshlanib, ajralish bilan tugaydigan, norasida go‘daklarni “tirik yetim” qiluvchi janjallarga sababchi bo‘lib qolishdan to‘xtaylik!
To‘ylarni davrimizga, yuksak milliy madaniyatimizga mos, ma’rifatli, ortiqcha dabdabalarsiz, ixcham qilib o‘tkazaylik. Mehnat bilan topgan mablag‘larimizni tejab, bolalarimiz kelajagiga sarflaylik!
Kelinglar, oila, maktab va mahalla hamkorligini amalda yo‘lga qo‘yaylik. Hammamiz birlashib, “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona” ekanligini amalda ko‘rsataylik!
Har sohaning o‘z ilmi bor. Tarbiyaga pedagogik ilm va mas’uliyat bilan yondashib, ajdodlar o‘gitlaridan, xalq maqollaridan o‘rinli foydalanaylik.
Mir Alisher Navoiyning
Ilm ila olam yuzin obod qil,
Xulq ila odam elini shod qil!
degan so‘zlari yoshlarimiz uchun mayoq vazifasini o‘taydigan vaqt keldi. Ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Aziz mahalladoshlar!
Qabristonlarga e’tiborsizlik – ota-bobolarimizga hurmatsizlik sanaladi. Shunday ekan, xayrli va savobli ishlarga har birimiz vijdonan hissa qo‘shaylik! Qilgan ishlarimizni bu olamni tark etgan boboyu buvilarimiz,
ota-onalarimiz, yaqinlarimiz tirikligida qilgan xizmatlarimizning davomi bo‘lsin, deb niyat qilaylik!
Keling, har birimiz mana shunday xayrli, savob ishlarda ishboshi, bir-birimizga yelkadosh bo‘laylik! Bu yo‘lda
qo‘ni-qo‘shnilarimiz, kasbdoshlarimiz, jamoadoshlarimiz,
mahalla-ko‘yga ibrat bo‘laylik!
Biz ishonamiz!
Vatanimiz O‘zbekiston 2030 yilda albatta dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri bo‘ladi. Bu o‘zimizga bog‘liq. Buning uchun har birimiz jonkuyar, fidoyi va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishimiz lozim. Bu haqiqatni dunyoning eng rivojlangan davlatlari tarixi tasdiqlab turibdi.
Uyimizda ham, mahallamizda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham ma’naviy poklik uchun kurashaylik! Ogoh, birdam, ahil bo‘laylik!
Tinchligimiz, xotirjamligimizni, milliy birligimizni, sog‘lom o‘zbekona ma’naviy muhitimizni ko‘ra olmaydigan har qanday buzg‘unchiga qarshi murosasiz kurashaylik!
Bugun har bir jamoat tashkiloti o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil etib, hamkorlikning yangi, amaliy bosqichiga chiqishi zarur. Buning uchun jamoat tashkilotlarining, avvalo, eng quyi bo‘g‘inlarni uyg‘otishimiz shart. Bunda albatta, siz, ijtimoiy faol vatandoshlarimizning fidoyiligingizga tayanamiz.
Unutmaylik!
O‘zimiz ahil bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni yechmasak, hech kim chetdan kelib ularni hal qilib bermaydi.