Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bir qator talablar bekor qilindi
Bugun, 16 martdan boshlab, O‘zbekistonda bir qator cheklovlar bekor qilinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasi bilan chegarasida joylashgan o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanadi.
O‘zbekistonga kirib keluvchilar respublikaga tashrif buyurishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PSR-test natijasi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotga ega bo‘lishi talabi bekor qilinmoqda.
Endilikda xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilarga tegishli tartibda emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega bo‘lgan taqdirda, ulardan PSR-test natijasi hamda koronavirus infeksiyasiga ekspress-antigen test topshirishi talabi qo‘yilmaydi.
Buning o‘rniga, tashrif buyuruvchilar tegishli tartibda emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega bo‘lmagan taqdirda respublikaga tashrif buyurishidan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PSR-test natijasi yoki chegara o‘tish punktlarida ekspress-antigen test topshirishi bo‘yicha manfiy natijali ma’lumotnomaga (elektron QR code) ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi poyezdlar qatnovlari hamda avtobus yo‘nalishlarida parritet asosida yo‘lovchi tashish faoliyati karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda qayta tiklanadi.