Respublikamizning qator hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati ma’lum qilishicha, qalin qor yog‘ishi va haroratning keskin tushib ketishi natijasida, elektr energiyasiga bo‘lgan talab cyezilarli darajada ortgan.
Magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham mos ravishda tushib ketishiga sabab bo‘lmoqda, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4 dekabr kuni respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 219 mln kVt.soatni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 mln kVt.soat yoki 11% ga ko‘pdir. Shuningdek, dekabr oyining dastlabki 4 kunida respublika bo‘yicha iste’mol hajmi 875 mln.kVt.soatni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 93 mln.kVt.soat yoki 12% ga ko‘pligini aytish lozim.
Yuqoridagilarni inobatga olib, xususan, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va elektr energiya ishlab chiqarish ob’yektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yirik avariyalar vujudga kelishini oldini olish maqsadida Respublikamizning turli hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kiritilmoqda.
O‘z navbatida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning barcha tarkibiy korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan joylarda sodir bo‘layotgan avariyali holatlarni bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar tezkorlik bilan ko‘rilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Buning uchun respublika bo‘yicha jami 1434 nafar xodimdan iborat 478 ta tezkor avariyaviy chiqish brigada hamda ularga 398 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinasi va texnikalar safarbar qilingan.
Elektr energiya ta’minoti bilan bog‘liq har qanday muammoli vaziyatda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tunu kun faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 1154 qisqa raqamli Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ bilan muloqot kanalining administratoriga @HET_admin o‘z murojaatlarini yo‘llashlari mumkinligini eslatib o‘tmoqchimiz, deyiladi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ xabarida.