Restavratorlar Samarqanddagi tarixiy obidalarning "sinoat"larini o‘rgandi
Respublika Bosh prokuraturasi hamda viloyat madaniy meros boshqarmasi hamkorligida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining arxitektura yodgorliklarini rekonstruksiyasi va restavratsiyasi yo‘nalishi talabalarini Samarqand shahridagi tarixiy obidalarga sayohati uyushtirildi.
Talabalar tarixiy obidalar bilan tanishishdan tashqari ularning boy tarixi, qurilish ishlari, asrdan-asrga qanday saqlanib kelayotgani haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, viloyat madaniy meros boshqarmasi huzuridagi ilmiy ekspert maslahat kengashi raisi, tajribali arxitektor Mamatqul Xoliqulov talabalarga tarixiy bino va inshootlarning rekonstruksiyasi va restavratsiyasi haqida gapirib berdi.
- O‘zimdagi bor bilim va tajribani sizdek yoshlarga qoldirib ketsam deyman, - dedi M.Xoliqulov. – Tarixiy binolar restavratsiyasiga qiziqadigan yoshlarni shogirdlikka olishga tayyorman. Agar haqiqatda kelajakda restavrator bo‘lish istagida bo‘lsangiz, sizlarga qo‘limdan kelgancha yordam beraman.
- Universitetimizda arxitektura yodgorliklarini rekonstruksiyasi va restavratsiyasi yo‘nalishi bo‘lib, unda 45 nafar talaba tahsil olyapti, - deydi arxitektura nazariyasi va tarixi kafedrasi dotsenti, arxitektura fanlari nomzodi Dilorom Salohiddinova. – Bunday sayohatlar talabalarning o‘z sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshiradi.
Tadbirda Respublika Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori Doston Kamalov, viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Botir Shaymatov va universitet professor-o‘qituvchilari talabalarga hamrohlik qildi.
Xurshida Ernazarova.