Rossiya Davlat dumasida mamlakat armiyasining Qorabog‘ga kiritilishi ehtimoli yo‘q emasligi aytildi
Rossiya Davlat dumasi MDH masalalari, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatga munosabati yo‘nalishlaridan biri Rossiya desant qo‘shini operatsiyasi bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda 22 oktyabr kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi tinchlikni Ozarbayjon va Turkiya buzdi. Shu sababdan ham ularga sobiq ittifoq hududida qaysi davlat yetakchi bo‘lib qolayotganligini eslatib qo‘yish kerak. Shu bilan birga, u Moskva aynan shunday yo‘l tutishi lozimligiga ishonchi komil emasligini tan oldi. Biroq ehtimollardan biri desant qo‘shini operatsiyasi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) yo‘llangan murojaat asosida Armanistonni, Tog‘li Qorabog‘ni emas, aynan Armaniston hududini desant qo‘shini operatsiyasi, havo to‘siqlarini ochish orqali himoya qilish choralarini ko‘rish zarur”, sanab o‘tdi Zatulin.
U agar zarurat tug‘ilsa, Rossiya Gruziyaga uning havo hududi orqali Armanistonga zaruriy kuch va vositalar yetkazilishini tushuntirish kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Bu majburiy chora. Sababi, so‘z butun Kavkaz bo‘ylab jangarilarning ko‘payib ketishi haqida bormoqda. Buning oqibatida Rossiya ham, Gruziya ham va boshqalar ham jabr ko‘radi. Arman aholisi uchun ommaviy xavf tug‘ilmoqda. Biz chora ko‘rishimiz darkor”, deb alohida ta’kidladi Zatulin.