Rossiya havo bazalariga hujum: Kiyev Rossiyaning Sibirgacha bo‘lgan ob’yektlariga hujum qilishi mumkinligi aytilmoqda

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning o‘z chegaralaridan tashqaridagi zarbalarini rag‘batlantirmaydi

Oldinda turgan keskin sovuq arafasida yaqinda Kiyevning energetika ob’yektlariga yopirilgan zarbalardan so‘ng elektr ta’minoti tiklanmoqda.

Ukraina rasmiylari Rossiya raketalarining aksariyatini to‘xtatgani haqida ma’lum qilganiga qaramay, ularning ba’zilari o‘z manziliga yetib borgan.

Muhim infratuzilmaga bir necha oylik hujumlardan so‘ng mamlakat elektr tarmoqlarining deyarli yarmi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan va oqibatda harorat tushganda odamlar soatlab sovuq va qorong‘ulikda qolgan.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab otishmalar davom etmoqda.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Kursk viloyatidagi harbiy aerodromdagi neft omboriga uchuvchisiz apparat hujumi ortidan sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari aks etgan video e’lon qilindi. Yong‘inni o‘chirishga 200 dan ortiq kishi va 50 ga yaqin texnika, o‘t o‘chirish poyezdlari jalb qilingan.

Undan so‘ng esa Saratov va Ryazan viloyatlaridagi ikkita aviabaza o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi, buning uchun Moskva Kiyevni aybladi.

Voqeaga munosabat bildirgan Vashington Ukrainani o‘z chegaralaridan tashqarida zarba berishiga qarshiligini aytdi.

"Biz Ukrainani Rossiya hududida qo‘llashi uchun qurol-yarog‘ bilan ta’minlaganimiz yo‘q. Bu mudofaa ta’minoti ekanligini aniq aytdik" deya qayd etgan AQSh vakili.

Harbiy havo bazalariga hujum Vladimir Putin va Xavfsizlik kengashi a’zolari o‘rtasidagi uchrashuvda ham muhokama qilingan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan buyon mamlakat territoriyasiga qarab eng uzoq masofaga uchgan raketa bo‘ldi.

Rasmiy Kiyev esa Rossiya ob’yektlariga, shu jumladan Sibirga yangi hujumlar uyushtirishini ma’lum qilmoqda. Bu haqda 7 dekabr kuni The Financial Times gazetasi Ukraina rasmiylari orasida mudofaa masalalari bo‘yicha maslahatchilardan biriga tayanib xabar berdi.

"Bizda masofa bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q va tez orada biz Rossiya hududida, shu jumladan Sibirda ham istalgan nishonlarga yeta olamiz", - deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.

Bundan tashqari, materialda Ukraina Qurolli Kuchlari uchun dronlar yaratishda ishtirok etgan deb taxmin qilingan ukrainalik muhandisning so‘zlari keltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya aerodromlariga so‘nggi hujumlar uchun foydalanilgan dronlar deyarli tovush tezligida ucha oladi.