Rossiya imperiyasi davrida Samarqand (3-maqola)

Volostdagi boshqaruv saylanganlarning volost qurultoyidan iborat edi. Volost boshqaruvchisi saylovlari ikki darajali bo‘lib, dastlab qishloq yig‘ini to‘planib, unda 50 uy nomidan bitta vakil saylangan. So‘ng qishloq yig‘inlaridan saylangan vakillar rus ma’murlari ishtirokida o‘tuvchi volost qurultoyiga to‘planardilar.

Rus ma’murlaridan uyezd boshlig‘i yoki uning yordamchisi ishtirok etib, tartibni nazorat qilganlar. Saylov yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilib, ovozlar qutiga tashlangan, soqqalar vositasida aniqlangan. Ellikboshilar birma-bir tumanboshi oldida turgan usti yopiq kutiga yaqinlashib, sekingina o‘zlari istagan nomzodning ism-shariflarini aytishgan va taqsimchadagi soqqani qutiga tashlashgan. Bu marosim barchaning ko‘z oldida ochiq bo‘lgan va uning yakunida kim ko‘p ovoz olgani e’lon qilingan. Ovoz berish natijalari qog‘ozda barcha ellikboshilarning tamg‘asi va imzosi bilan muhrlanib, uyezd boshlig‘i yoki uning yordamchisi tomonidan tasdiqlangan. Saylov arafasida uyezd boshlig‘i yoki uning yordamchisi ro‘yxat bo‘yicha ellikboshilarning sonini aniqlagan. Qurultoyda saylangan vakillar soni 2/3 qismini tashkil etmasa, volost qurultoyi bekor qilingan.

Volost qurultoyiga volost boshqaruvchisi, xalq sudyalari va ularga nomzodlarni saylash, quyi ma’muriyatlarning mansabdor shaxslariga maosh belgilash, ko‘priklar, yo‘llar, xo‘jalik qurilmalarining holatini nazorat qilish, suvdan foydalanish va suv ta’minoti ishlarini boshqarish huquqi berilgan edi.

Volost qurultoyi ikki nomzodni saylagan, biri volost boshqaruvchisi, ikkinchisi unga nomzod bo‘lgan. Harbiy gubernator qurultoydagi saylov natijasini ko‘rib chiqib, nomzodlarni tasdiqlagan. U tasdiqlamagan taqdirda, qayta chaqirilgan yoki lavozimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gubernator tanlagan shaxs qo‘shilgan. Volost qurultoyi volost boshqaruvchisiga maosh belgilagan. Uning miqdori odatda 300 so‘mdan 500 so‘mgacha bo‘lgan.

Qishloq oqsoqollari, nomzodlari va oqsoqol yordamchilari qishloq jamoasi tomonidan bevosita volost boshqaruvchisi ishtirokida saylangan.

Ularni lavozimga uyezd boshlig‘i tasdiklagan. Qishloq jamoasi yig‘ini ularga yiliga 200 so‘mdan maosh belgilagan. Yig‘in ariqlarga qarovchi miroblarni ham saylab, ularga maosh tayinlagan. Katta ariqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy gubernator tomonidan tayinlanadigan ariq oqsoqollari boshqarib, ular irrigatsiya mudiriga itoat qilishgan.

Volost boshqaruvchilari, qishloq oqsoqollari va ularning yordamchilari 25 yoshdan kichik bo‘lmasligi, sudlangan, xizmatdan bo‘shagan, lavozimidan chetlatilgan kishi bo‘lmasligi shart bo‘lgan.

Rus ma’muriyatining aholiga «o‘zini-o‘zi boshqarish» va «saylov huquqini berishi» g‘irt siyosiy lo‘ttibozlikdan iborat bo‘lib, aslida ishning tizgini ularning qo‘lida qolgan. Ya’ni, volost va qishloq darajasidagi boshqaruvni tashkil etish go‘yo mahalliy jamiyat ixtiyoriga berish yo‘li bilan ularni ovuntirishni ko‘zlagan va lekin boshqaruv nazorati chor hukumatining diqqat-e’tiborida bo‘lgan.

Chor hukumati kadrlar siyosatiga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashib ish tutgan. Xususan, agar volost boshqaruvchisi shaxsiy biron bir sababga ko‘ra, rus ma’muriyatini qanoatlantirmasa, viloyat harbiy gubernatori yangi saylov tayinlashi yoki boshqaruvni o‘z ixtiyoriga asosan boshqa odam bilan almashtirishi mumkin edi. Shuningdek, chor hukumati uchun mahalliy ma’muriyat, eng avvalo, soliq va yig‘imlarning muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida to‘planishiga katta yordam bergan. Shuning uchun K.P.Kaufman bu yangi tashkilotlarning chorizm oldidagi muhim rolini qayd etib, shunday deydi: «Mahalliy xalq boshqaruvisiz na yig‘imlarning kelib tushishiga, na yangi ochilgan muassasalarning to‘g‘ri faoliyat yuritishiga umid qilib bo‘lardi».

Turkistonni mustamlakacha boshqarish tizimida politsiya muhim rol o‘ynadi. U muntazam armiya singari, samoderjaviya quroli, uning Samarqanddagi manfaatlarining tayanchi va himoyachisi hisoblanardi. Ana shu politsiya tizimiga suyangan podsho hukumati Turkiston o‘lkasi idorasini eng quyi bo‘g‘inidan oliy bo‘g‘inigacha o‘z qo‘lida tutgan. Viloyat harbiy gubernatori, tumanboshilar, uchastka pristavlari ham, politsiya pristavlari ham politsiya generallari va zobitlari vakolatlariga ega bo‘lgan.

Shaharlarda politsmeystr lavozimi joriy etilib, ularning huquqi uyezd boshliqlari huquqi bilan tenglashtirildi. Jumladan, Samarqand shahrida politsiya nazorati, shaharning rus va mahalliy qismlarida alohida politsiya boshqaruvi nazorati o‘rnatildi. Politsiya boshqaruvi har bir qismlar uchun politsmeystr, politsiya pristavlari va boshqa shtatlar bo‘yicha amaldorlarga bo‘lingan. Shahardagi politsiya nazoratchisi mansabini rus millatiga mansab shaxs bajargan. Samarqand shahri politsmeystri mahalliy aholini boshqaruv tartibiga mos holda jazoga tortishda uyezd boshlig‘i bilan bir qatorda turgan.

Kichkina qilmishi va gapga kirmaganligi uchun ham tub aholi vakillari jarima yoki bir oylik hibsga tortilgan. Ayniqsa, mahalliy aholi yashaydigan qismlarda mirshablik holati kuchaytirilgan edi. Masalan, shaharning rus qismi uchun pristavdan tashqari 37 mirshab va 120 ta qorovul yollangan bo‘lsa, mahalliy aholi qismi uchun bitta pristavdan tashqari 65 ta mirshab va aholi daromadiga binoan 165 ta qorovul yollangan.

Hatto politsiya xizmati uchun xarajatlar ham oshirilgan. Quyida shahar politsiyasi uchun 1908 yilda sarflangan xarajatlar miqdori ko‘rsatilgan:

2.4-jadval.

Shahar xarajatlarining 1908  iildagi umumiy summasi

Politsiyaga ketadigan shahar xarajati miqdori

Shahar xarajatlaridan politsiya uchun ketadigan umumiy foiz

557.052 m

38.778 m

6,9%

Politsmeystr lavozimi uchun davlat xazinasidan uning safarlari bilan birgalikda 1800 rubl maosh tayinlangan. Shuningdek, politsiya boshqaruvidagi shtatlar ham razryadlarga bo‘lingan edi.

Uyezd politsiyasiga ham «jamoat o‘z-o‘zini boshqaruvi»dan saylangan shaxslar tayinlanib, ular politsiya talablarini so‘zsiz bajaribgina qolmay, o‘zlari ham tartib saqlash bo‘yicha mustaqil ravishda birlamchi choralar ko‘rishlari lozim bo‘lgan. U yoki bu jazoni belgilashda mustamlaka ma’muriyati amaldorlari juda ko‘p hollarda huquq doirasidan chetga chiqardilar. Jazoga tortish imkoniyati juda keng talqin qilinardi: «gapga kirmaganligi uchun», «qo‘pollik qilgani uchun», «hurmatsizlik qilganligi uchun», «buyruqni bajarmagani uchun» va hokazo.

Politsiya amaldorlari va vakolatlariga ega ma’murlar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, foyda va manfaatlaridan kelib chiqib, har qanday jazolashni qo‘llay olardi. Ya’ni, ular dastlabki tergovni amalga oshirardilar. Bunga binoan, sudlanuvchining o‘z iqrori rasmiy dalil hisoblanib, qolgan barcha dalillar ko‘makchi xususiyatga ega edi. Politsiya amaldorlari ularning iqrorini «sug‘urib olish uchun» hech narsadan tap tortmasdi. Dastlabki, tergov jarayonidagi qiynoq va kaltaklashlarga chidolmay, hatto, aybsizlar ham qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lardi.

Bu davr arxiv hujjatlarida politsiya amaldorlarining o‘z mansablarini suiste’mol qilib, manfaatlari yo‘lida aholini nohaq jazolaganliklari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Misol uchun, quyi mansabdagi Yakov Tolmachev kunduz kuni ko‘chada savdo xaltasini ko‘tarib yurgan oddiy fuqaroni to‘xtatadi va undan savdogarlik guvohnomasini so‘rab, uni tintib ko‘rishni buyuradi. Fuqaro yonidan zanjirli soat va 40 tiyin topilgach, bularni tortib oladi. O‘zini, agar norozilik bildiradigan bo‘lsa, qamab qo‘yish sharti bilan qo‘yib yuboradi.

Chor ma’muriyati tomonidan tanlab qo‘yilgan bunday kadrlar va ularning aholiga nisbatan amalga oshirgan zo‘ravonliklari, faqat zo‘ravonlikka asoslangan mustamlakachilik siyosati yuritilganidan dalolatdir.

Chor hukumati adliya boshqaruvidagi siyosatida ham organ va kadrlarni tashkil etishda mustamlakachilik mezonida ish yuritdi. 1867-1886 yillar mobaynida Samarqandda umumsaltanat rus sudlari va halq sudlari, ya’ni shariat asosida ish ko‘ruvchi qozilar faoliyat ko‘rsatdi.

Rus sudlariga tuman sudlari, sud palatasi huquqidagi viloyat boshqarmalari, mirovoy sudyalar kurultoylari, harbiy sud komissiyalari kirgan. Tuman sudyalari mulkdan mahrum etishga daxldor bo‘lmagan jinoiy ishlar, davlat xazinasi manfaatlariga oid bo‘lmagan 2000 so‘mgacha miqdorda bo‘lgan da’volarni ko‘rgan. Viloyatlar boshqarmalari esa tuman sudlari hukmlaridan shikoyatlar, qayta ko‘rish kabi masalalarni hal qilgan. Davlat vazifalarini bajarishdagi jinoyatlar, hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish, qaroqchilik, davlat mulkini o‘g‘irlash, soxta pul yasovchilarning ishlari kabi tuman sudlari vakolatlariga kirmagan ishlarni ham ko‘rishgan.

1886 yilda tasdiqlangan «Turkiston o‘lkasini boshqarish haqidagi Nizom» mavjud sud tartibini saqlab qolgan holda unga ayrim o‘zgartirishlar kiritdi. Uyezd sudlari bekor qilinib, ularning o‘rniga mirovoy (murosa) sudlari joriy etildi. Shuningdek, viloyat sudlari tashkil qilinib, ularga mirovoy sudyalar vazifalari yuklandi. Viloyat sudi avvalgi viloyat ixtiyorida bo‘lgan vakolatlarni oldi va murosa sudlari hal etuvchi masalalarni ko‘rish huquqiga ham ega bo‘ldi. Ularning qoshida sud tergovchisi, viloyat prokurori va uning o‘rindoshi kabi lavozimlar joriy qilindi. «Nizom» to‘liq ravishda sudning hokimiyatdan mustaqil bo‘lishini qonunlashtirgan bo‘lsa ham amalda u butun bir hokimiyatni o‘z qo‘lida tutgan harbiy ma’muriyatning kuchli ta’sirida qolaverdi.

Imperiya sudlarida rus hokimiyatiga bevosita va bilvosita qarshi faoliyat olib borgan mahalliy aholi vakillari ishlari ko‘rilgan. Ruslarga qarshi jinoyat qilgan o‘zbeklar yoki ruslar bilan birga noqonuniy ishga qo‘l urgan o‘zbeklarni shu sudlar jazolagan. Rus qishlog‘i, shahar qismi va umuman ruslar istiqomat qilib turgan yerlarda jinoyat qilgan o‘zbeklar imperiya sudida javobgarlikka tortilgan. Turli millatlarga mansub kishilarning jinoyatlari ham rus sudida ko‘rilgan.

Barcha mahalliy aholi Rossiya imperiyasining umumiy qonunlariga bo‘ysundirilgan. Ular quyida ko‘rsatilgan jinoyatlar asosida javobgarlikka tortilgan:

1) Xristianlik e’tiqodiga qarshi; 2) davlatga qarshi; 3) boshqaruv tartibiga qarshi; 4) davlat va jamoat xizmatiga qarshi; 5) davlat va umumxalq qaroridagi majburiyatlarga qarshi; 6) mol mulk va g‘azna daromadiga; 7) jamoat obodonchiligiga: a) karantin ustavini buzganlikda va b) yoppasiga va yuqumli kasalliklarga qarshi qarorni buzganlikda hamda v) hayvonlardagi yuqumli va boshqa kasalliklarni, xom go‘sht mahsulotlarini zararsizlantirish haqidagi ogohlantirish bo‘yicha veterinar-politsiya choralarini buzish; 8) jamoat tinchligi va tartibiga qarshi: a) yovuz niyatli guruhlar va boshpanalar tuzganlikda; b) yolg‘on ma’lumot, imperiya ishlarida va qonun bo‘yicha sud qilinganda yolg‘on guvohlik; g) telegraf va yo‘llarni buzish; 9) qonun holatlariga qarshi; 10) hayot, sog‘lig‘i, erkinlik va or-nomusga qarshi; a) o‘ldirish; b) birovga shikast yetkazganlik natijasidagi o‘lim; v) zo‘rlash; g) noqonuniy tutib turmoq va qamash; 11) mulkka qarshi; a) birovning ko‘chmas mulkiga zo‘rlik bilan ega chiqish chegara orasi va belgilarni yo‘q qilish; b) birovning mulkini yondirish va yo‘q qilish; v) mulkni talash va o‘g‘irlash; g) g‘azna mulkini o‘g‘irlash va rus hujjatlarini qalbakilashtirish, (1886 yil 1 iyun. St.141) kabilar shular jumlasidandir.

Yuqorida ko‘rsatilgan imperiya qonunlarini buzgan mahalliy aholidan tashqari, ya’ni rus va turli millatga mansub barcha tub aholi, balki ularning alohida sudlari bo‘lsa ham umumiy asosda sud qaroriga bo‘ysungan. Shuningdek, tub aholining rus yoki qozixonada sudlanishi 1886 yilgi Nizomga ko‘ra quyidagicha belgilangan:

1. Ayblanuvchining u yoki bu millat - elatga mansubligiga qarab.

2. Sodir etilgan jinoyat turiga ko‘ra.

Z. Jinoyat sodir etilgan hududga ko‘ra.

4. Jinoyat kimga qarshi qaratilganiga ko‘ra.

Xuddi ana shu belgilarga ko‘ra jazo belgilangan va jinoyat rasman shariat yoki Rossiya imperiyasi jinoiy qonunlariga ko‘ra tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.

Shokir G‘AFFOROV,

tarix fanlari doktori, professor.

 (Davomi bor).