Rossiya imperiyasi davrida Samarqand (4-maqola)

Samarqand aholisi turmushida rus sudlari emas, balki mahalliy shariat sudlari salmoqli o‘rin tutgan. Shu bois chor hukumati sudi «xalq sudlari» deb atalgan. Mahalliy o‘troq aholi uchun qozi sudlari va ko‘chmanchilar uchun biy sudlari qoldirilgan.

Mahalliy sudlar bo‘lgan «xalq sudyalari» shariat qonunlari asosida mahalliy o‘troq va ko‘chmanchi aholining fuqarolik va jinoiy ishlarini ko‘rishgan. Lekin davlat ahamiyatiga ega siyosiy ishlar ularning vakolat doirasiga kirmagan. Xalq sudyalarini saylash ham (volost boshqaruvchisini saylash singari) belgilangan tartibda o‘tkazilgan.

Xalq sudlarida ko‘riluvchi ishlar doirasi juda keng bo‘lib, aholining salkam 90 foizi qozilik va biylik sudlariga murojaat qilgan. Lekin ba’zida qozilik sudlariga murojaat qilgan fuqarolar ular chiqargan hukmdan qoniqmay, o‘z ishlarini okrug sudlariga oshirgan holatlar ham bo‘lgan.

Ta’kidlash joizki, bu apparatning amalda saylab qo‘yilishi va cheklangan tarzdagi o‘zini o‘zi boshqarishi ko‘p jihatdan soxta edi. Chunki ular o‘zining barcha xatti-harakatlari to‘g‘risida chor ma’murlariga qat’iy hisob bergan. Saylov asosida va xalq sudyalari lavozimiga nomzodlarning bilim darajasi borasida ma’lum bir talabning mavjud emasligi saylovlar atrofida olishuv va ixtiloflarga keng yo‘l ochdi. Amirlik davrida qozilik lavozimiga ko‘plab nomzodlar orasidan eng loyiqlari tanlangan. Ulardan shariat qonunlari va odatlari bo‘yicha imtihon olingan. Nomzodning qobilligi fuqarolar tomonidan tan olingan bo‘lsa, yangi davr saylov tizimi bu talablarni susaytirdi. Chunki endi mustamlaka ma’muriyati nomzodni tanlab, saylov natijalarini tasdikdan o‘tkazgan. Ular har qanday saylovni bekor qilishi, o‘zlariga ma’qul kelmaydigan qozilar, biylar va shu kabilar o‘z ixtiyori bilan almashtirish huquqidan keng foydalangan.

Hukumat doiralarining bunday siyosati tufayli aksar hollarda xalq sudyaligiga shariat qonunlari u yoqda tursin, hatto oddiy huquqni yaxshi bilmaydigan odamlar saylanar, buning oqibatida mansabni suiiste’mol qilish va qonunni buzish hollari kelib chiqardi. Ayniqsa, jinoyat turlari bo‘yicha ham jazo choralarining aniq chegarasi mavjud emasligi sudyalarga u yoki bu aybdor uchun jazo chorasini tanlashda keng imkoniyat bergan.

Chorizm o‘z ijtimoiy tayanchini kengaytirish va joylarda o‘ziga xos «kadrlar manbai»ni yaratish maqsadida tashkil etilgan bu institutlarning vakolatlarini kengaytirib bordi. Chor ma’muriyati mahalliy aholi vakillarini o‘z boshqaruv siyosatlariga aralashtirishni xohlamagan. Shu bois ularga go‘yoki, quyi mahalliy boshqaruvni bergan hisoblanib, ammo asosiy tizgin chor ma’murlari qo‘lida bo‘lgan.

Mahalliy amaldorlarning o‘z lavozimiga to‘g‘ri kelishi yoki to‘g‘ri kelmasligi masalasini hal qilishda chor ma’murlari ularning bilim darajalarini emas, balki siyosat, g‘oyaviy jihatdan ishonchliligini, ya’ni chor hukumatiga moyilligini, qarshi emasligini, xristianlarga, ularning diniy e’tiqodiga munosabati kabi xislatlarni inobatga olgan. Umuman, chor ma’murlariga bilimli, mustaqil fikrlaydigan, o‘ziga ishongan shaxslar emas, bilim doirasi tor, mustaqil ishlay olmaydigan, chor ma’murlari aytganini bajaradigan kishilar kerak edi. Shuningdek, mahalliy kadrlar shaxsiy tarkibi ko‘char va ko‘chmas mulk egalari, katta zamindorlar, tub aholining chor tartibiga sodiq bo‘lgan qismidan olingan.

Shuningdek, amirlik davrida otadan farzandga meros bo‘lib o‘tadigan mansablar (qozi, mutavalli) holati ham chorizm davrida deyarli saqlandi. Chunki chorizm manfaatlariga xizmat qiladigan oilalar ularga ayni muddao bo‘lgan. Ikkinchi tomondan, qoziga ulamo va boshqalarning bo‘ysunishi chor hukumatini qanoatlantirgan.

Umuman chorizm mustahkam boshqaruv siyosatini o‘rnatishda kadrlar masalasiga hamda ularni tanlashga alohida e’tibor qaratgan. Bu borada hatto bir qancha chora-tadbirlar ham ishlab chiqilgan. Xalq sudlari va volost mudirlari zimmasiga «besh yil muddat o‘tgandan keyin butun xizmat yozishmalarini rus tilida olib borish, o‘n besh yil o‘tgandan keyin esa bu lavozimlarga rus tilini yaxshi egallagan shaxslarnigina tayinlash» vazifalarini qo‘yish shular jumlasidan edi.

Shuningdek, mahalliy kadrlarni tanlashda chorizm ularni turli sohalarda (xususan, qishloq xo‘jaligi sohalarida) yaxshi mutaxassis bo‘lishini va bu yo‘lda chorizmni qo‘llab-quvvatlab faoliyat yuritishi maqsadida, ularni turli xil bilim yurtlariga o‘qishga kirishga ham undab bordi. Jumladan, shunday undashlardan biri-mahalliy aholining «rus-tuzem» maktablarini va shahar bilim yurtlarini tamomlab kelgan bolalariga faxriy fuqarolik yoki qishloq, ovul oqsoqollari lavozimlarini egallash, mo‘yayan xizmatda sinov muddatini o‘tagandan keyin esa volost mudirlari va katta oqsoqollar lavozimlarini egallash huquqlarini berish» kabi muhim imtiyozlar orqali ularni bu sohalarni egallashga jalb etgan.

Shunday qilib, Rossiya imperiyasi Samarqandda tashkil etgan siyosiy boshqaruvdagi yangi tashkilot va kadrlar tizimi imperiyacha asosda boshqarilib, uni yanada mustahkamlash uchun faoliyat olib borishga yo‘naltirgan edi. Bu siyosiy niyatni amalga oshirishga bosh bo‘lgan rahbarlar boshqaruv apparatining shaxsiy tarkibini tashkil etgan. Mustamlaka hokimiyati tizimida yetakchilik mavqei harbiy va harbiy bo‘lmagan amaldorlarga tegishli edi.

Ayniqsa, manbalarga ko‘ra, viloyatda ma’muriy, sud va politsiya lavozimlarida faoliyat yuritgan aholining 51 foizdan ortig‘i rus millatiga mansub kishilar bo‘lib, ular mustamlaka apparatining asl o‘zagini tashkil etgan.

Boshqaruv apparatidagi rus amaldorlarining chuqur tomir otishi va Turkistonni tark etmasligi uchun chor hukumati tomonidan qulay shart-sharoitlar yaratib berildi. Hukumat farmoyishiga ko‘ra, barcha rus amaldorlariga xizmatning birinchi besh yili uchun asosiy maoshning 20 foizini, ikkinchisi uchun 40 foizini, uchinchisi uchun 75 foizini tashkil etuvchi qo‘shilib boruvchi maosh ham tayinlangan edi.

Shu o‘rinda yana aytish lozimki, chor hukumati o‘lkada o‘z boshqaruvini mustahkamlash borasida mustamlaka tizimidagi rus amaldorlariga ham bir qancha talablar qo‘ygan. Bu borada Samarqand viloyati harbiy gubernatorining qarori ham fikrimizni tasdiqlaydi. Qarorda ma’muriy politsiya boshqaruvidagi amaldorlar mahalliy tilni bilishi zarurligi to‘g‘risida uqtiriladi. Jumladan, mahalliy tilni biladiganlar soni kamayib ketganligi va mahalliy tilni bilishga ham intilish zarurligi, chunki bu mahalliy aholi o‘rtasida chor hukumati manfaatlarini qaror toptirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi. Darhaqiqat, bundan chor hukumatining asosiy ko‘zlagan maqsadi, mahalliy aholi kayfiyatidan xabardor bo‘lish, ularning mustamlaka siyosatiga munosabati, aholi o‘rtasida chor imperiyasi siyosatini tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borish kabilardan iborat edi. Shunday qilib, quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

1. Samarqand viloyati chor Rossiyasi tarkibiga kiritilgach, viloyatda umumimperiya ruscha idora shaklidagi yangi boshqaruv tizimi o‘rnatildi.

2. Mustamlakachilik boshqaruv siyosatining amalga oshirilib borilishi natijasida aholi o‘rtasida ijtimoiy tabaqalanish jarayoni kuchaydi. Bu avvalo, boshqaruv tizimining takomillashtirilishi, Rossiyaning markaziy gubernya va boshqa hududlaridan aholining ko‘chirib keltirilishi tufayli viloyat aholisining ijtimoiy tarkibi doirasi kengaydi va aholi sonining o‘sishiga olib keldi.

3. Boshqaruv viloyat, uyezd (tuman), volost, uchastka (jabha), shahar va qishloq boshqaruvi shaklida tashkil topdi.

4. Mahalliy boshqaruv tizimi (viloyat va uning uyezd, shaharlari) kadrlari asosan chor amaldorlaridan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘zlariga berilgan huquq va imtiyozlardan keng foydalanganlar. Boshqaruvning quyi bo‘g‘iniga mahalliy aholi vakillari birkitilgan. Lekin ularning faoliyati asosan chor ma’muriyati izmida bo‘lgan.

5. Boshqaruvdagi tashkilotlarining yuqori bo‘g‘inidan tortib quyi bo‘g‘iniga qadar faoliyat olib borgan amaldorlar orasida mansabni suiiste’mol qilish, ta’magirlik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik kabi holatlar keng tus olgan bo‘lib, bu chor imperiyasining Samarqandda mustamlakachilik manfaatlarini yurgizishi uchun keng imkoniyat yaratdi.

Shokir G‘AFFOROV,

tarix fanlari doktori, professor.