Rossiyada maoshini ololmayotgan o‘zbekistonlik migrantlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasiga ishga borgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining ularga va’da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani haqidagi murojaati yuzasidan Migratsiya agentligi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Federatsiyasining “Yujniy” agrokombinati o‘rtasida qishloq xo‘jaligida ishlash uchun 400 nafar fuqaroni tanlov asosida ushbu korxonaga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Kelishuvda 33 ming rubldan 50 ming rublgacha oylik maoshi ko‘zda tutilgan bo‘lib, fuqarolarning yo‘lkira, hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari keyinchalik ularning ish haqidan ushlab qolish sharti bilan korxona hisobidan to‘lab berilishi, agar bir yil davomida ishlasa, korxona tomonidan qoplanishi belgilangan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Andijon viloyati filiali tomonidan ushbu korxonaning ishonchli vakili ishtirokida 2021 yilning 16 iyun kuni o‘tkazilgan tanlovda tanlab olingan fuqarolarning 63 nafari 23 iyun, 22 nafari 29 iyun, 16 nafari 4 iyul, 42 nafari 5 iyul kunlari Cherkessk shahridagi “Yujniy” agrokombinatida ishlash uchun jo‘nab ketgan.
Korxonaga yetib borgan yurtdoshlarimizning yashash va mehnat sharoitlari hamda pasportlarining ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgani yuzasidan qilgan murojaatiga asosan vaziyatni o‘rganish maqsadida joriy yilning 14-16 iyul kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishchi guruhining ushbu korxonaga xizmat safari tashkil etildi.
Ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar va ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirildi.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat ushbu korxonada ishlovchi yurtdoshlarimiz o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘zaro suhbat jarayonida bir soatga to‘lanadigan ish haqini bir kunga beriladi, deb noto‘g‘ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya’ni ushbu fuqarolar ish boshlagan birinchi kuni yozib olingan.