Rossiyada migrantlar harbiy ro‘yxatdan o‘tishga majbur qilinmoqda

Politsiya Sankt-Peterburg janubida o‘tkazgan ikki kunlik reyd davomida Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan, harbiy ro‘yxatda bo‘lmagan 100 dan ortiq muhojirni aniqladi, ularning barchasi harbiy xizmatga qabul qilish bo‘limiga olib ketilgan.

Bu haqda Rossiya IIV Sankt-Peterburg bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib, OAV xabar bermoqda.

Migratsiya reydlarida yangi variant qo‘llanilmoqda: politsiya Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlar bilan "uchrashadi" va harbiy xizmat majburiyati haqida qo‘shimcha ma’lumot berish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi".

Bundan tashqari, “Kommersant” xabariga ko‘ra, FSBning xodimlari Cheboksari va Novocheboksarskda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan, Rossiya fuqaroligini olgan, ammo harbiy ro‘yxatdan o‘tmagan o‘nlab odamni aniqlashgan.

Rossiya fuqaroligini olgandan so‘ng ikki hafta ichida harbiy ro‘yxatdan o‘tilishi kerak. Nafaqat harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar, balki barcha erkaklar, jumladan sog‘lig‘ida muammolar bo‘lganlar va harbiy xizmatdan ozod qilinganlar ham harbiy ro‘yxatga olinishi kerak.