Rossiyada og‘ir tan jarohati olgan yurtdoshimiz Samarqandga olib kelindi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakolatxonasiga asli samarqandlik S.B.dan uni O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘rab murojaati kelib tushgan.

Mazkur murojaat bo‘yicha mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi hamda vakolatxona xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganda, fuqaro S.B. 2020 yil 13 sentyabrda vaqtinchalik ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketganligi va joriy yilning 29 oktyabr kuni baxtsiz hodisa oqibatida balandlikdan yiqilib, umurtqa pog‘onasidan og‘ir tan jarohati olganligi aniqlandi.

Kecha, 27 dekabr kuni S.B. shifokor nazoratida "Moskva – Toshkent" aviareysi orqali Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga olib kelindi.

Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mas’ul xodimlari va fuqaroning yaqin qarindoshlari kutib oldi. Yaqin qarindoshlari hamrohligida Samarqandga kuzatib qo‘yildi. (https://t.me/migratsiyaagentligi/4592)