Ro‘zg‘or - ayolning "ijodiy asari". Ammo uni qaysidir ayol uddalayapti, qaysisidir yo‘q

Yozning jaziramasi. Xotin-xalajning - bari ko‘chada. Ko‘p qavatli uy oldidagi o‘rindiqda 4-5 ayol gapxona qurib o‘tiribdi. Lekin ulardan ikkisini bu yerda deyarli har kuni, ertalabdan kechgacha "gap sotib" o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Bir kuni chidolmadim, xafa qilib qo‘ymay deb, iloji boricha yumshoqroq ohangda qiziqib so‘radim:

- Sizlarga odamning "havasi" keladi, uyda qiladigan ishingiz yo‘qdek go‘yo?.

- Uydami?.. Qizlar bor (ular 10-11 yoshda), barcha yumushni qilib o‘tirishadi, - dedi ulardan biri mamnun jilmayib.

O‘ylab qolasan kishi. Ular uy yumushlarini bajarishga qanday vaqt toparkan, qizlariga uy-ro‘zg‘or tutumi-yu tartibini, yaxshi urf-odat va tarbiyani qachon o‘rgatarkan?

Yana bir boshqa ayol esa uning butunlay teskarisi: kim bilandir uzoq vaqt gaplashib turganini ko‘rmaysiz. Uy-ro‘zg‘or yumushi, farzand tarbiyasidan ortmaydi.  Ayolning sarishtasi — ro‘zg‘orning farishtasi, deganlaridek, uyi ham risoladagidek, toza-ozoda, tartibli...

Uyda tartib, tozalik bo‘lsa, baraka inadi. Qadimda ota-bobolarimiz "Toza-ozoda joy - farishtali joy", deb bejiz aytishmagan. Ular chiqindi, shamma, kul, mag‘zava, olingan soch-soqolni har joyga tashlashni bexosiyat, uvol deb bilishgan. Aslida esa o‘sha paytlardayoq mag‘zava yoki kul ekologiyaga zarar yetkazishini anglashgan. Shu orqali atrofdagilarni tozalikka, sarishtalikka chorlagan.

Hozir-chi? Ayniqsa, yangi qurilgan uylar atrofini ko‘rib ta’bingiz xira bo‘ladi. Ular uyi atrofini supurishga, eshigi osti - bo‘sag‘asini yuvib, tozalashga hafsala qilmaydi. O‘zi istiqomat qilayotgan joyni shunday saqlagan odamning uy-ro‘zg‘or tutumi, farzandga ibratini tasavvur qilavering.

Mashhur ingliz yozuvchi va dramaturgi Agata Kristi aytganidek, uy - bu ayolning katta bir "ijodiy asari" - u ayol va uning oilasi uchun asosiy kuch va ilhom manbai bo‘lishi kerak. Bu "asar" ko‘zgu misoli. U qanday yashayotganingiz, tartib-intizomingiz, nimani his qilayotganingizni aniq aks ettiradi.

Haqiqiy ayol uyni ko‘rkamlashdan erinmaydi, u uyning farroshi emas, balki bekasi bo‘lishi kerak. Bunday uy, albatta, harorat, yorug‘lik, xotirjamlik, baxt va quvonch baxsh etishi begumon.

Gulnora XOLDOROVA.