Rudakiyning qabri qayerda?

Samarqand shahrining markaziy maydonlaridan birida tojik xalqining mumtoz shoiri Abu Abdulloh Rudakiyga ehtirom ko‘rsatilib, haykal o‘rnatilgan.

Barchamizga yod bo‘lib ketgan "Jahon shodliklari yig‘ilsa butun, do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun", degan shoh satrlar muallifi bo‘lgan bu buyuk shoir qayerda yashagan, uning mangu qo‘nim topgan manzili qayer ekanini bilamizmi?

Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’oniyning “Nasabnoma” (Abdug‘afur Razzoq Buxoriy va Komiljon Rahimov tarjimasi. Toshkent - “Hilol nashr", 2017 y.) kitobini o‘qib, VIII-XII asrlarda O‘rta Osiyoda yashab o‘tgan shoir va allomalar haqida birmuncha ma’lumotlarga ega bo‘ldim. As-Sam’oniy 1113 yilning sha’bon oyida Marvda tug‘ilib, 1167 yilda shu yerda vafot etgan. Bu jahongashta inson turli yurtlarga qilgan safarlari davomida yetti ming mashoyixdan tahsil olgan. U ellikka yaqin nomdagi tarixiy, geografik, ilmiy-adabiy diniy-ma’rifiy va boshqa mavzulardagi asarlar muallifidir. Yuqorida nomi zikr etilgan asar unda keltirilgan barcha ma’lumotlar asosliligi bilan qimmatlidir. Masalan, Sa’moniy samarqandlik mashhur muhaddis va fiqh olimi Al-Banjiy haqida ma’lumot berar ekan shunday yozadi: “Banj (Panj) – Samarqand nohiyasidagi Rudak (Rud – daryo, -ak qo‘shimchasini olgach - ariq, ariqcha - G‘.F.) degan joy. Panj – Rudakning mashhur qishlog‘i. Taniqli shoir Abu Abdulloh ar-Rudakiy shu qishloqdan. U kishining qabrlari “Panj Rudak”dagi bog‘ning orqasida bo‘lib, ziyorat qilinadi. Men qabrlarini ziyorat etganman”(172-bet).

Yana bu haqda shu kitobning 198-betida bu qishloqdan yetishib chiqqan boshqa bir olim to‘g‘risida ma’lumot berar ekan: “Rudak Samarqanddagi nohiya. Shu nohiyada bir qishloq bor. Uning nomi “Panj” bo‘lib,

Samarqanddan ikki farsax (bir farsax aksariy holda 6-7 kilometr - G‘.F.) olisda joylashgan. Bu yerda mashhur shoir, go‘zal va hikmatli so‘zlar sohibi, ajam diyorida “as-Soiru devona” (Sayyoh devona) laqabi bilan nom qozongan As-Samarqandiy yashagan. Uning qabri “Panj Rudak”dagi bog‘ning orqasida bo‘lib, ziyorat qilinadi. Men qabrlarini ziyorat etganman”.

Bu ma’lumotlar bizning Rudakiy haqidagi bilganlarimizni to‘ldiradi. Darhaqiqat, Abu Abdulloh Rudakiy o‘z zamonasining forsiyda she’rlar bituvchi zabardast shoirlaridan edi. U kishi haqlarida shunday deyilgan: “Inna avvala man qola ash-she’r al jayyida bil forsiya – ar-Rudakiy” (Albatta, forsiyda birinchi bo‘lib yaxshi she’r aytgan Rudakiydir). Abu Sa’d al-Idrisiy aytadilar: “Abu Abdulloh Rudakiy forsiyda she’r yozishda o‘z zamonasining peshvolaridan edilar”. Buxoro amiri Ismoil ibn Ahmad as-Somoniyning vaziri Abul Fazl al-Bal’amiy: “Laysa li ar-Rudakiy fil - arabi va la fil-ajami naziyr” (Arab va ajam diyorida Rudakiyga teng keladigani yo‘q). Rudakiy hijriy 329 (milodiy 942) yilda Rudakda vafot etganlar”, deya qayd etgan.

Keling, endi bu asardagi ma’lumotlarda boshqa hududlarning Samarqanddan oraliq masofalarini keltirilishiga e’tibor

beraylik:

“Uruxs - Samarqand qishloqlarining (gap Urgut tumani haqida bormoqda -  G‘.F.). Shovzar nohiyasi. Samarqanddan to‘rt farsax uzoqlikda toqqa yaqin”. 

“Manzillar: Ishtixon – Samarqanddan yetti farsax uzoqlikdagi shahar”.

“Xartang – Samarqanddan uch farsax uzoqlikdagi qishloq”.

Ko‘rsatilgan masofalar hozirgi davr o‘lchamlariga solishtirilsa, deyarli barobar kelishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. To‘g‘ri, oradan necha asrlar o‘tib ayrim go‘shalar vayronaga aylangan, joyi, nomi o‘zgargan yoki aholisining ko‘chishi oqibatida barham topgan bo‘lishi mumkin. Shunday esada, Xartangga nisbatan  Samarqand shahriga bir farsax yaqinroq, ya’ni atigi ikki farsax naridagi Panj qishlog‘i hozirda ham mavjudmi? Bor bo‘lsa qayerda?

Turli ehtimollarni inkor etmagan holda hozirda Panjob deya atalayotgan va bugungi kunda shahar tarkibiga qo‘shilib ketgan qo‘rg‘onni o‘quvchimizga eslatishni lozim ko‘rdim. Nazarimda Samarqand shahrining sharqiy tomonida Payshanba-Siyob nomi bilan yuritilayotgan yana bitta qishloq mavjud. O‘z oqimi davomida yo‘l-yo‘lakay Siyob, Qorasuv, Obi mashhad kabi nomlar bilan atalib, nihoyat Motrud deyilgan ariqning Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’oniy tomonidan Rudak tarzida qayd etilgan atamasi deb hisoblash to‘g‘riga o‘xshaydi.

O‘z asarida qo‘llanilgan har bir so‘z, shaxs va joy nomlarining imlosiga, oraliq masofalariga o‘ta e’tiborli bo‘lgan mashhur tarixchining noaniqlikka yo‘l qo‘yishi mumkin emas.

Panjshanba qishlog‘i turli davrlarda bir qancha ulug‘ insonlarga beshik bo‘lgan ko‘rinadi. XIX asrda Samarqandda yashagan tarixchi olim Abu Tohirxoja o‘zining “Samariya” (Toshkent, "Kamalak” nashriyoti, 1991 yil) kitobida shunday ma’lumotni keltiradi:

“24. Xoja Orif mahtob mozori. Shovdor tumanida bo‘lgan Panjshanba qishlog‘ida, Siyahob arig‘ining yaqinidadir. Uning mozori bilan shahar orasi 1 toshu 2 toshning uchdan biri (16 chaqirim) chamasi keladi. ...qabrlari “Panj Rudak”dagi bog‘ning orqasida bo‘lib, ziyorat qilinadigan”.

Ushbu ma’lumotni aniqlashtirish uchun Panj qishlog‘idagi qadimiy bog‘ning o‘rnini topish, avvalo, shu qishloq faollari, qolaversa, yurtimizning olim, arxeolog va fozillaridan o‘rganishlar olib borilishini, umuman, bu ma’lumotlarga munosabat bildirishlarini istardim.

G‘aybiddin Fazliyev.