Ruhiy salomatlikni yaxshilash uchun 7 qadam
Sizni baxtli qiladigan ko‘p narsalar bor – muhabbat, boylik, oila, mehnat yoki ajoyib do‘stlaringiz. Lekin sizni baxtsiz qiladigan narsalar ham yo‘q emas. Masalan, yuqorida aytilganlarning hammasini yo‘qotish.
Biroq baxtli bo‘lish vaqt, kuch va faollikni talab qiladi. Mabodo shu narsalarni o‘zingizda topa olsangiz, o‘zingizdan minnatdor bo‘lishingiz aniq.
Muammolaringiz haqida so‘zlang
Katta yoki kichik bo‘lishidan qat’i nazar muammo sizning ruhiy holatingizga ta’sir qiladi. Siz bilan suhbatlashayotgan kishi jismoniy jihatdan yordam bermasa ham, ko‘nglingizni g‘ash qilayotgan narsa haqida aytib berishdan kattaroq yengillik yo‘q.
Musiqa tinglang
Nafaqat musiqaga bo‘lgan ishtiyoq uchun, balki shunchaki, hech narsa qilmasangiz ham uch yarim daqiqa davomida fikrlaringiz to‘liq dam oladi. Siz qaysi janrni yoqtirsangiz, o‘sha musiqani tinglash nihoyatda tasalli berishi va yordam berishi mumkin.
Ovqatlanishga jiddiy e’tibor bering
Ba’zilar buni tan olishdan bosh torsa-da, parhez qilgan kunlar haqiqatan ham insonning ruhiy holatiga ta’sir qiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, agar qonda qand miqdori pasayishi kuzatilsa, inson o‘zini charchagan, asabiylashgan va tushkunlikka tushgan his qiladi. Qondagi qand miqdorini saqlab qolish uchun muntazam ravishda (ko‘p ham, kam ham emas) ovqatlanib turish kerak.
Yetarli darajada suv iching
Agar siz yetarlicha suv ichmasangiz, diqqatingizni jamlashingiz, hatto aniq fikr yuritishingiz ham qiyin bo‘ladi. Mabodo yengil bosh aylanish holatini sezsangiz, suv ichishni unutmang (kofe yoki kola ham emas, faqat suv).
Jismoniy mashq qiling
Jismoniy mashqlar insonning nafaqat jismoniy holatiga, balki bizning aqliy farovonligimizga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Aynan jismoniy mashqlar kayfiyatingizni ko‘tarib, sizni baxtli qiladi.
Ijodiy yondashing
Bo‘yash kitoblari stressning yengillashishiga yordam berishi ma’lum. Ular shuningdek, bolalik xotiralarini qayta tiklashga ko‘maklashadi. Monrealdagi Konkordiya universitetining ijodiy tibbiyot bo‘yicha dotsenti Tim Bottom “Best Health Magazine”ga bergan intervyusida bo‘yash kitoblari xavotirga tushgan insonlar uchun foydali bo‘lishi mumkinligini aytdi. U buni “rangli meditatsiya turi” deb ta’riflab, dam olishning ajoyib usuli ekanligini ta’kidladi.
O‘zingizni maqtang
Bu bema’ni tuyulishi mumkin. Ammo ko‘pchiligimiz kamtarlikdan aziyat chekamiz. Kayfiyatimizni ko‘tarish o‘rniga, tashqi ko‘rinishimizdan norozi bo‘lib, o‘zimizni pastga tortamiz.
Shuning uchun, oyna oldida turing va o‘zingizni baholashga harakat qiling. Sochingiz, ko‘zingiz va hatto kichik barmog‘ingizdan yoqadigan biror bir narsani tanlang. Vaqt o‘tishi bilan o‘zingizni benuqson his qila boshlaysiz, shunda katta narsalar haqida o‘ylashda davom eting.
O‘zingizga tabassum qilayotganda qanchalik ajoyib ko‘rinishingizni va bu kiyimlarda sizning qiyofangiz qanchalik yaxshi ko‘rinishini ayting.
Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.