Yo‘ldosh Eshbek: "Vijdon, bu xatodan ulg‘aygan azob"

O‘tgan asrning 70-yillar avlodi publitsistik paffosining yuqoriligi, zamon va makonni yangicha idrok qilishi bilan she’riyatimizni yangilay oldi. Mazkur avlodga mansub jasoratli shoir Shavkat Rahmon “she’riyat jangchisi”ga aylangan bo‘lsa, uning iste’dodli tengdoshlaridan biri Yo‘ldosh Eshbek o‘ziga xos betakror she’riyati bilan munosib o‘ringa ega bo‘ldi.

Yo‘ldosh Eshbek ijodining tadrijiga nazar solar ekanmiz, dunyoviy mavzulardan ruhoniy mavzular sari yuksalib borganining guvohi bo‘lamiz.

Shoir dastlab “Yig‘layotgan qiz” manzumasi bilan keng adabiy jamoatchilik va she’riyat muxlislarining e’tiborini qozondi. Adabiyotshunos Abdumurod Tilovov Yo‘ldosh Eshbekning “Yig‘layotgan qiz” kitobiga yozgan “She’r bag‘rida ezgulik bordir” maqolasida “Shoir Yo‘ldosh Eshbek bu she’rida dunyoni yig‘layotgan qizga o‘xshatadi. Bu o‘ziga xos yangi shior, ohorli tashbehdir”, deb alohida ta’kidlagan.

Yuksak publitsistik paffos bilan yo‘g‘rilgan mazkur she’rda shoir yig‘layotgan qiz timsolidagi dunyoning xarob axvolidan rosmana iztirobga tushadi, unga qo‘shilgan holatda ko‘zyosh qiladi. Shuningdek, faqat bu bilan kifoyalanib qolmasdan illatlarga qarshi mardona kurashga chorlaydi.

Filologiya fanlari doktori Suvon Meli ta’biri bilan aytganda, “yig‘layotgan qiz” iborasi va, ayniqsa, “Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz” misrasi ta’sirida yig‘ining inson hayotidagi o‘rni, uning siri va go‘zalligi (ha, ha go‘zalligi) haqida cheksiz xayollar surish mumkin. Yig‘i faqat ojizlik va notavonlik emas, qandaydir sehrli bir kuch. Bejiz shoirimiz yig‘layotgan qizga “Men seni sevaman” demaydi”:

Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin,
Tishlaringni sekin qayrab yig‘lagin!
O‘nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la!

Shoir bu she’rida vijdonsiz odamlardan shikoyat qilish barobarida “vijdon” atamasiga aniqlik kiritadi:

Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas,
Vijdonning har dami ruhiy iztirob.
Vijdonsiz xatosiz kunlardan to‘ymas,
Vijdon, bu xatodan ulg‘aygan azob.

Muqaddas kitoblarda butun olam Yaratganning qudratli birgina so‘zi bilan yaralgani ta’kidlanadi. Binobarin, shoirlar ham sehrli kalom vositasida olamni go‘zal, insoniyatni esa barkamol ko‘rish uchun ter to‘kadilar.

Yo‘ldosh Eshbek o‘z iste’dodi bilan so‘zlarga qanot baxsh etadi va uning misralari daf’atan lochin kabi yuksaklarda parvoz qila boshlaydi:

Qayg‘ularga chek qo‘yib bir zum –
Ruhimda tirilar ul qo‘shiq:
“Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b,
Bizni zafar quchajak!
Tepamizda charx urishib
Qaldirg‘ochlar uchajak!”

Shoirlikda mehnat emas, balki iste’dod hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan Yo‘ldosh Eshbek “Lo‘li qiz qo‘shig‘i” manzumasida olam va odam fe’l-atvoridagi nuqsonlarni ayovsiz fosh qiladi:

Arzimas matoh – dunyo,
qisqa bir motam – dunyo,
Biz dunyoni aldaymiz,
ayyor, biri kam dunyo.
Kenglik – ma’vo, shukuhdir,
tenglik ko‘p yiroq olam,
Ozodlik ozod ruhdir!
Bormi hech ozod odam?!
Alay-balaylari ham,
shayton malaylari ham!..

Mazkur manzuma qator hayot muammolarni xalqona o‘ynoqi uslubda oshkor qilgani bilan e’tiborga molik. Erk va ozodlik manzumaning bosh mavzusi ekanini alohida ta’kidlash kerak. Shoir: “Mamlakatlar ozoddir, Bormi hech ozod odam?!” degan og‘riqli savolni o‘rtaga tashlaydi.

Shoirning bu she’ri o‘ziga xos ohangi va shakli bilan e’tiborga molik. Yo‘ldosh Eshbek o‘zi e’tirof etganidek:

“Ohang bilan shakl – she’rdir. She’r – ohang bilan shaklning go‘zal tasviri. Ha, shakl... shakl! Turmushda avval qolip qilinib, keyin g‘isht qo‘yiladi. She’rda esa bu hol anchayin “erkin” kechadi – “g‘isht” quyilish jarayonida “qolip” ham tayyor bo‘la boradi. Hayotiy dunyoda faqat san’at go‘zal. She’riyat oliy maqomga ko‘tarilsa, san’atga aylanadi”.

Darhaqiqat, “Lo‘li qiz qo‘shig‘i” she’ri sehrli ohangi va o‘zgacha shakli bilan oliy maqomga ko‘tarilgani bois rosmana san’at asariga aylangan:

Erk-da senga vatanmas,
vataning erksizdir, bas –
Shodlik-da begonamas,
garchi shodlikxonamas,
Olam – alamxonadir,
qabrsiz g‘amxonadir,
yo loshsiz sog‘onadir,
Alay-balaylari ham,
shayton malaylari ham!..

Mazkur manzuma o‘z jizobasi bilan xorijlik she’riyat muxlislari e’tiborini ham jalb qildi. Xususan, bu she’r Turkiyada nashr qilinuvchi “KÖROĞLU” ilmiy-adabiy jurnalining 2021 yil mart sonida Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori Veli Savash Yelo‘k tarjimasida e’lon qilindi.

Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, bundan oldin Yo‘ldosh Eshbekning “Mangu masofa” (“Ebedi Mesafe”) nomli she’riy to‘plami Anqaradagi “EYSEM” nashriyotida professor Ertug‘rul Yaman tarjimasi va so‘zboshisi bilan nashr etilgan edi.

Ayni paytda ozarbayjonlik olima Gulnar Etibar qizi Axundovaning “O‘zbek shoiri Yo‘ldosh Eshbek ijodida modernizm va an’anaviylik” ilmiy maqolasida shoir she’riyati asosini “Inson, tabiat, Tangri” mavzulari tashkil etishini va ularda umumturkiy ahamiyatga molik mushtarak g‘oya va tushunchalar o‘ziga xos zamonaviy ko‘rinishda talqin etilganiga alohida e’tibor qaratadi.

Michigan universiteti professori Temur Xo‘jao‘g‘li esa Yo‘ldosh Eshbek she’rlarini ingliz tiliga tarjima qildi. Natijada atoqli shoir dunyoning e’tirof etilgan 500 shoiri she’rlari kiritilgan “Top 500 Poet-Poem Hunter” qomusidan o‘rin oldi.

Yo‘ldosh Eshbek she’riyatining xalqaro miqyosda ham e’tirof etilishi bejiz emas. Binobarin, filologiya fanlari doktori Suvon Meli “XXI asrga rahmat!” Yoxud Yo‘ldosh Eshbek haqida so‘z” maqolasida shunday yozadi:

“U shunday bir muhtasham bog‘ yaratdiki, bu bog‘ning butun bir nafosatini, sir–sinoatini tuyqusdan anglash, baho berish hamda unga munosib talqinlarni yuzaga chiqarish juda ham qiyin. Mazkur bog‘ning ichiga kirib, undagi barcha daraxt va gullarga mahliyo bo‘lish, balki uncha qiyin ish emasdir, lekin daraxtlar salobati va go‘zalligi, har bir gulning faqat o‘zigagina xos iforini tuyish, his qilish uchun munaqqidlik salohiyatidan tashqari vaqtning donishmandona masofasi va aqli kerak, shekilli”.

Yo‘ldosh Eshbek she’riyatida “quyosh”, “osmon”, “tog‘”, “ko‘ngil” singari timsollarga qayta-qayta duch kelamiz. Shoir bu timsollarning har birini zamiriga ulkan ma’nolarni joylaydi. Binobarin, quyidagi she’rda “osmon” va “ko‘ngil” timsollariga duch kelamiz:

Ey osmon, ko‘nglimga kir,
Dunyodan bir o‘tilgaysan.
Ey osmon, ko‘nglimga kir,
Sen qafasdan qutulgaysan.

Bepoyonsan, kekkaymagin,
Koinotga enkaymagin.
Ey osmon, ko‘nglimga tush,
Parvoz qilgin misoli qush!
Sidrilgaysan, sitilgaysan,
Har xil izdan titilgaysan.
Ey osmon, ko‘nglimga tush,
Mahkumlikdan qutulgaysan!

Navoiyshunos olim Akrom Malik hazrat Navoiyning ko‘ngil ta’rifiga bag‘ishlangan quyidagi baytini shunday sharhlaydi:

Solik ani Arshi muallo dedi,
So‘fi ani olami kubro dedi.

Soliklar ko‘ngilni oliy Arsh – Arshi a’lo dedilar. Arsh Allohningdir. Yerdan va samolardan ulkanroqdir Arsh. Arshda farishtalar bor. Aql bovar qilmas narsalar bor. Soliklar esa ko‘ngilni oliy Arsh dedilar. Inson o‘z jismidan oliy Arshni topmog‘i mumkin demak.

So‘fiy – olam mohiyatiga nazar solgan shaxs. Ular uchun shakl qiziq emas, ma’noga boqadilar. So‘fiylar dedilarki – ko‘ngil olami kubrodir. Katta olamdir. Ko‘zlar ila ko‘rganimiz, ichidagi bo‘lganimiz olamni olami sug‘ro – kichik olam dedilar. Ko‘ngil qanday olamki, u biz ichida bo‘lgan olamdan ulkan bo‘lsa? Demak, ko‘ngil – Ilohiy fayz olamiga bir yo‘l”.

Ko‘ngil Arshi a’lo singari olami kubro, ya’ni katta olam ekan, Yo‘ldosh Eshbekning osmonga murojaat qilib, uni o‘z ko‘ngliga, ya’ni ozodlikka chorlashi tabiiy hol hisoblanadi.

Munaqqid Qozoqboy Yo‘ldoshev shoir she’riyatiga shunday ta’rif beradi:

“Yo‘ldosh Eshbek tabiat hodisalarini jonlantirar ekan, ularga shokir insonga xos xususiyatlar baxsh etadi:

Yalpizlar pichiri taralar,
tog‘lar bir qayrilib qo‘yadi.
Havoni ohangdor arilar
muattar izlar-la bo‘yadi.

Shoir she’rlaridagi “Tog‘lar ko‘k qog‘ozga o‘xshab ko‘rinar, lolalar erigan alvon bo‘yoqdir. Archa tushaman deb, pastga urinar, do‘ppisin tushirgan momoqaymoqdir” yoki “Shamol soyasiga o‘xshagan xayol, tebratib turadi mudragan cholni. Anhor asta turtib o‘tadi xiyol, o‘zin tutib kulgan dol majnuntolni” satrlarida tabiat zimmasiga odamga xos vazifa yuklanadi. Odamning tabiatday tabiiy bo‘lishini orzu qilgan Yo‘ldosh Eshbekning: “Osmon sig‘ar ko‘ngilga ko‘ngilli bo‘lib ketar” singari kutilmagan ifodalari insonni toza va ko‘ngilli ko‘rish ishtiyoqi mahsuli sifatida yodda qoladi”.

Eng muhimi, mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, “...davrga, uning shior va chaqiriqlariga befarq kamdan-kam ijodkorlar bo‘lar ekanki, ulardan biri, shubhasiz, Yo‘ldosh Eshbekdir” (Suvon Meli). Binobarin, Yo‘ldosh Eshbek zamonsoz emas, balki ko‘ngil shoiri, ruhiyat shoiri bo‘lishga intiladi. U ijodining dastlabki kezlarida publitsistik paffosi yuksak manzumalar yaratgan bo‘lsa, keyingi davrda asosiy e’tiborni qalb kechinmalarini e’tiqod va imon nuqtai nazaridan ifoda etishga harakat qiladi. Dunyoviy olamdan rabboniy olamga yuz tutadi.

Shuni ham aytish kerakki, Yo‘ldosh Eshbek goh barmoq vaznida, goh sarbastda qalam tebratadi, goho baxshi kabi o‘lan aytadi. Da’fatan shoirona fikrlarini Shayx Sa’diy singari ixcham fardda ifodalaydi. Ayrimlarini Umar Xayyom kabi to‘rtlik qiladi:

Jahon – qishlog‘i, ko‘yi,
Yer – to‘shak, osmon to‘ni,
She’ri – shoirning uyi,
Xijolat qilma uni.

Hazrat Navoiy umrining so‘nggi faslida bitgan g‘azallaridan birida “Surai Vash-shamsu Val-layl erdi virdim subhu shom” deya ta’kidlaydi. Rabboniy olamga butun vujudi bilan yuzlanganini g‘azallarda takrorlashga qanoat qilmay “Munojot” asarini yaratadi. Yo‘ldosh Eshbek ijodida ham shunday she’rlar borki, ularni shubhasiz Parvardigori olamga munojot deya talqin qilish mumkin:

Seni so‘roqlayman nurga qarayman,
ibodat qilaman huzurga qarayman.

Yaraymanmi deyman bir yaxshi ishga,
qalqon bo‘lamanmi biror tashvishga?

Niyatimga amalimni payvand et,
endi meni gullamoq ila band et.

Bo‘lsin meva bermoq endi yumushim,
shirinlik ulashmoq yozu qishim.

G‘am yo‘qdir sen bundan xabar aylasang,
lutf aylasang bir bor nazar aylasang.

Qurimoq yo‘q karam aylasang bir bor,
ildizim bo‘lurki yo‘qolmas zinhor.

Yo‘ldosh Eshbek o‘zi e’tirof etganidek, “she’r bag‘ridagi ezgulik”ni tarannum etadi. “Go‘zal ash’orga amal qilib, xushlik va poklik bilan Parvardigorga yuzlanish”ga da’vat qiladi.

Yo‘ldosh Eshbek zahmatkash ijodkorlar sirasidan. U badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Xususan, turkiyalik qator adiblarning romanlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilganini alohida ta’kidlash kerak. Ayniqsa, mashhur qozoq shoiri O‘ljas Sulaymonovning “AziYa” kitobini alohida ixlos bilan o‘zbek tiliga o‘girgan.

Yo‘ldosh Eshbekning munavvar tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan, san’at darajasiga yuksalgan she’riyati she’rxonlar qalbiga qanot baxsh etishi, ko‘ngillarni zilol buloq suvlari kabi musaffo qilishi bilan qadrli.

Ismat KO‘ChIYeV,
shoir va adib, O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.