Ruxsatsiz imoratga mulk huquqi qanday rasmiylashtiriladi?
“Jismoniy va yuridik shaxslarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylar va ularga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha Prezident farmonidan kelib chiqib, jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli bo‘lmagan yer uchastkasida qurgan turarjoy uchun mulk huquqi sud tomonidan e’tirof etiladi. Lekin imorat qurilgan yer uchastkasiga ma’lum shartlar asosida belgilangan tartibda mulk huquqi beriladi.
Buning uchun hududlarda kadastr idorasi, ekologiya va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillaridan iborat maxsus komissiya tashkil etilib, fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratiga mulk huquqini e’tirof etish uchun o‘sha komissiyaga murojaat qiladi.
Komissiya fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni joyiga chiqib o‘rganadi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, tuman (shahar) hokimiga o‘sha ob’yektga mulk huquqini e’tirof etish uchun taklif kiritadi.
Farmonga asosan, mulk huquqini e’tirof etish ushbu ob’yektga doimiy va oshkora egalik qilinganda, imorat qurilgan yer uchastkasi qonunga muvofiq turarjoy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan maydonda joylashmagan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, qurilgan ob’yekt shaharsozlik talablariga muvofiq bo‘lishi, fuqarolarning hayoti va salomatligiga xavf solmasligi lozim. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqi e’tirof etilishi bilan birga, fuqaroga ushbu yer uchastkasini umrbod meros qilib qoldirish huquqi ham beriladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etishda respublikamizda amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqining besh barobari miqdorida to‘lov undirilib, ushbu aksiya 2019 yil 1 maygacha davom etishi belgilangan”.
“Zarafshon” gazetasining 50-sonida mavzuga doir quyidagi savollarga javob topasiz:
- Farmonda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarining ortiqcha qismi zaxiraga qaytarilishi aytilgan. Bunda istiqomat qilish uchun qancha yer maydoni hisoblanadi va ortiqchasi qay tartibda qaytarib olinadi?
- O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqi e’tirof etilishi uchun fuqarolardan qanday hujjat talab qilinadi?
O‘ktam XUDOYBERDIYeV
suhbatlashdi.