Sabab bartaraf etilmas ekan, ko‘ngilsizliklar to‘xtamaydi

Yaqinda Samarqand shahrida avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasiga gaz to‘ldirish uchun kirgan avtomashina balloni portladi va oqibatda bir kishi halok bo‘ldi. O‘sha kuni ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bu hodisa shu bilan unut bo‘ldi. Afsus...

Aslida bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan holatda prokuratura, hech bo‘lmaganda IIB mutasaddilari chiqib gapirishi kerak emasmidi?!

To‘g‘ri, viloyat FVB axborot xizmati holat tafsilotlari haqida axborot berdi. Ammo bu yetarlimi? Boshqarma axborotida ham metall (kompozitlisi mumkinmas, bu aniq) gaz ballonlar foydalanish muddati qancha va bu muddatdan keyin nima qilinishini jamoatchilikka bildirib o‘tilmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, gaz ballonlarning foydalanish muddati 15 yil (odatda 15 mingta to‘ldirish - "zapravka"). Bu muddat o‘tganidan so‘ng ballonlar utilizatsiya qilinishi kerak.

Bu holatda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan eng muhim masala texnik ko‘rik bilan bog‘liq. Yashirib nima qildik, hozir "haqi"ni to‘lasa imzolangan, muhrlangan dalolatnoma avtomashina egasi - haydovchining qo‘liga tutqaziladi.

Sohada korrupsiya ildiz otib ketgan. To‘g‘ri, bu ish xususiy qo‘llarda. Lekin sodir bo‘lgan mudhish hodisadan keyin huquq-tartibot organlari bu boradagi holatni monitoring qilishlari kerak emasmi?

Umuman, o‘zi o‘sha portlagan mashina texnik ko‘rikdan o‘tganmi yoki yo‘qmi? Bu haqda biron ma’lumot aytilmadi. Agar o‘tgan bo‘lsa, o‘tkazgan tadbirkorga jinoiy ish ochish kerak emasmi? Axir bir kishining halok bo‘lishiga aynan u sababchi bo‘layapti-ku.

Bilasiz, bugun avtomashinalarning aksariyat qismi, siqilgan gaz ballonlari bilan harakatlanadi. Holat shu tarzda davom etsa, ularning portlashi hali-beri tugamaydiganga o‘xshaydi.

Shu o‘rinda talay savollar tug‘iladi, suyultirilgan gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish muddatini 1 yil qilib qat’iy belgilashga nima to‘sqinlik qiladi?

Texnik ko‘rik masalasida ham axborot tizimi yaratish, sinov muddati o‘tib ketgan avtomashinalarning yo‘lda harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun-chi?

Tez-tez takrorlanayotganiga qaramasdan texnik ko‘rik ishlarini tartibga solish uchun yana qanday muammoni kutishimiz kerak?

Bizningcha, hodisa joyiga chiqqan huquq organlari surishtiruv ishlari yakunlari haqida ham jamoatchilikka batafsil ma’lum qilishlari shart.

Zotan, bu vazifa davlat rahbari imzolagan hujjatda aniq qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan holat yuzasidan huquq-tartibot organlari matbuot anjumani o‘tkazib, holat tafsilotlari, o‘rganish yakunlari haqida axborot berishi belgilangan.

Mirzo Ixtiyorov,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.