Sadoqatli do‘st, fidoyi rahbar Akobir Matlubovni yod etib
1955 yil 1 fevralda Samarqandda tug‘ilgan Akobir Ahmedovich ko‘hna kentning ziyolilaridan biri edi. Ma’rifatlilar sulolasining an’analari umrining oxirigacha unga hamroh bo‘ldi. Shu sababli oramizda bo‘lmasa-da, davralarda uning nomi hamisha tilga olinadi, ezgu fazilatlari, qilgan yaxshiliklari, savob ishlari eslanadi.
A.Matlubov Samarqand davlat universitetini bitirgach, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘qituvchilik qildi. Talabalarga dars berish barobarida ilmiy izlanishlar bilan ham shug‘ullandi, nomzodlik ishini yoqladi, jamoada chinakam ziyoli sifatida shakllandi.
Akobir chorak asr institut qoshidagi akademik litseyni boshqardi. Kasbiga sadoqati, yuksak insoniy fazilatlari, tashkilotchilik qobiliyati tufayli bu litseyni nafaqat mamlakatdagi, balki Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or ilm maskanlari darajasiga olib chiqdi. Bu o‘quv dargohining o‘quvchilari deyarli har yili aniq fanlar bo‘yicha xalqaro olimpiada va tanlovlarda g‘oliblikni egallab keldi, institutga minglab iqtidorli talabalarni yetishtirib berdi. Ular Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga, nufuzli stipendiyalarga sazovor bo‘ldi. O‘sha iqtidorlilarning ayrimlari bugun o‘zlari tahsil olgan litseyda yoshlarga ta’lim bermoqda.
Akobir Ahmedovich viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kollejlar va akademik litseylar rahbarlari o‘rtasida katta hurmatga ega edi. U hamkasblarini qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchi va texnik xodimlarni rag‘batlantirish, o‘quvchilarga ruhiy dalda berishda barchamizga ibrat ko‘rsatdi.
Oqibati kuchli inson edi, har qanday mushkulotda tanish-bilishlarini ham yolg‘izlatib qo‘ymasdi. Bemor hamkasblarini yo‘qlash barobarida bizni ham bunday savobli ishlarga undardi. Shu sababli hozirgi kunda ham davralarimizda Akobir do‘stimizni xuddi yonimizdagidek his qilamiz.
Saidahmad Usmonov.