Sadriddin Ayniyning siz bilmagan qirralari yoxud yozuvchi haqida nimalarni bilamiz?

Samarqand shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmalari Samarqand viloyati bo‘limlari, tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi va Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida «Samarqandda  ayniyshunoslik» - «Aynishinosi dar Samarqand» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va talabalari Sadriddin Ayniy adabiy merosi, hayoti, ijodi, uning xalqlar do‘stligi va yoshlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishida tutgan o‘rni, kitobdan joy olgan maqolalar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.

 - Sadriddin Ayniyning 141 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan mazkur kitobda uning ma’naviy, ilmiy merosi, xalqlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarini rivojlantirish yo‘lida qilgan xizmatlari haqidagi maqolalar o‘rin olgan, - deydi Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy uy-muzeyi direktori Amriddin Po‘latov. – Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi homiyligida nashr etilgan mazkur kitob bir irmoqdan suv ichib kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Shuningdek, tadbirda viloyat «Ovozi Samarqand» gazetasi tahririyati tomonidan tashkil etilgan «Odamlar do‘stlikdan topadilar baxt» tanlovi yakuni e’lon qilindi va mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo hamjihatlik, totuvlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritgan g‘olib jurnalistlar taqdirlandi.

Nilufar MAMATOVA.