Salomatlik aksiyasi – bemorlar dardiga davo
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi salomatlik aksiyasi Samarqandda ham tashkil etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning ijrosini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va “temir daftar”ga kiritilgan aholiga yuqori texnologik zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkillashtirilgan aksiyada 329 nafar malakali tibbiyot xodimi, jumladan, vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, poytaxtdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining rahbarlari, shuningdek, mahalliy shifokorlar safarbar qilingan.
Tekshiruvlar “mahallabay” o‘tkazilib, nogironligi bo‘lgan va boshqa muhtoj shaxslar protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlanmoqda. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga muhtoj bemorlar ixtisoslashgan markazlarda yotqizilib, malakali mutaxassislar ishtirokida jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarda yashovchi 10 nafar bemor respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi.
- Markazimiz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasida endoprotezlash muolajasini olishi zarur bo‘lgan bemorlarda aksiya doirasida bepul jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Shavkat Ravshanov. – Endoprotezlash yuqori ixtisoslashgan juda ko‘p mablag‘ talab etiladigan jarrohlik amaliyotlari sirasiga kiradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bunday jarrohlik amaliyotlari uchun yetarli mablag‘ga ega emas. “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi salomatlik aksiyasi ana shunday bemorlar dardiga darmon bo‘lishga qaratilgan.
Toyloqlik A.Ochilov 2015 yilda ehtiyotsizlik oqibatida o‘ng oyoq chanoq sohasidan og‘ir tan jarohati olgan. Oila boquvchisi to‘shakka mixlanib, oilada moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga keldi. Zarur tibbiy muolajalar o‘z vaqtida amalga oshirilmadi. Oqibatda A.Ochilov mustaqil harakat qila olmay qolgan. Aksiya doirasida bu fuqaro ham endoprotezlash jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, yana oyoqqa turdi.
- Bir necha million so‘m mablag‘ talab qilinadigan operatsiya davlat tomonidan bepul amalga oshirildi, - deydi Akbar Ochilov. – Buning uchun davlatimizdan, shifokorlardan minnatdorman. Bir-ikki oy ichida to‘liq tuzalishimni aytishmoqda. Yana sog‘lom hayotga qaytganimdan xursandman.
Ta’kidlash joizki, aksiya davomida endoprotezlash jarrohlik amaliyotlari bilan birga buyrak transplantatsiyasi, yurakka stent o‘rnatish kabi eng murakkab va ko‘p mablag‘ talab etiluvchi jarrohlik amaliyotlari tibbiy ko‘rsatmaga qarab, viloyat yoki poytaxtimizdagi eng nufuzli tibbiyot muassasalarida bepul amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
Alisher Isroilov.