Salomatlik kuni barcha eshiklar ochildi
7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan viloyatning barcha shifoxonalarida ochiq eshiklar kuni, ommaviy sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari va turli tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahridagi 1-son bolalar shifoxonasida o‘tkazilgan ochiq eshiklar kunida 150 dan ortiq bolalar turli mutaxassis ko‘rigidan o‘tdi.
-175 o‘rinli, 5 ta bo‘limdan iborat shifoxonamizda bolalar kasalliklarini davolash uchun 40 nafarga yaqin mutaxassis o‘z faoliyatini olib boradi, - deydi shifoxona bosh shifokori Shoira Nurullayeva. – Shifoxonamizda 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatganimiz uchun har kuni 150 ga yaqin murojaatlar bo‘ladi. Yaqindagina “Ochiq byudjet” tanlovi asosida odamlar ovoz berishi orqali 950 million so‘m mablag‘ni yutib oldik. Ushbu mablag‘ga shifoxona kanalizatsiya tizimi to‘liq ta’mirlanadi. Shuningdek, muolaja xonasi, reanimatsiya bo‘limini zamon talablari asosida ta’mirlashni rejalashtirganmiz. Shuningdek, keyingi yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti olimlari bilan hamkorlikda, fizioterapiya muolajasini joriy qilish, xalq tabobatini qo‘llash orqali kam in’yeksiyali davolash tizimini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Ko‘rikdan o‘tish uchun kelgan bolalarning ota-onalariga sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti bo‘yicha bukletlar hamda sovg‘a-salomlar tarqatildi.