“Samarkand Marathon”: Xayriya mablag‘lari bolalar uchun sport maydonchalari qurishga ishlatiladi
4-5 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Samarkand Marathon” an’anaviy xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tadi. Unda 40 ga yaqin davlatdan uch mingdan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
“Samarkand Marathon” (Samarqand marafoni) xalqaro xayriya yugurish musobaqasi – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan 2019 yildan buyon o‘tkazib kelinyapti. Poygalar mamlakatimizda madaniyat va san’at muassasalarini inklyuzivlik muammosiga jamoatchilik diqqat-e’tiborini jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport turizmini rivojlantirish vazifalarini hal etishga ko‘maklashadi.
2022 yilda o‘tkazilgan “Samarkand Marathon” yosh toifalari bo‘yicha “AbbottWMM Wanda Age Group World Championship” jahon marafoni birinchiligining saralash poygalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Musobaqa qatnashchilari 2, 10, 21, 42 kilometr masofalarni bosib o‘tadi va joriy yil marafon dasturiga 5 kilometrga yugurish ham kiritilgan. Masofalar yo‘nalishlari Samarqandning tarixiy qismidan o‘tadi. Start va marra Registon maydoni yonida joylashadi. Ishtirokchilar shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab, tarixiy obidalar yon bag‘ridan yugurib o‘tadi.
Marafon ishtirokchilarining ro‘yxatdan o‘tish to‘lovlaridan tushgan barcha mablag‘lar “Samarkand Marathon”ning bu yilgi xayriya maqsadi – bolalar uchun sport maydonchalari qurishga yo‘naltiriladi.