Samarqand birinchi toifada, Qo‘shrabot – beshinchi
Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida bundan buyon hududlar tadbirkorlikni rivojlantirishda mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib besh toifaga bo‘linishi va shu asosida ularning iqtisodiy rivojlanishini belgilash tartibi joriy etilishi haqida so‘z yuritgandi.
Viloyat hokimligining ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki tarzda viloyatdagi 16 tuman va shahar quyidagi toifalarga bo‘lindi:
1-toifa (Tadbirkorlik uchun har tomonlama rivojlangan hudud) – Samarqand shahri;
2-toifa (Infratuzilmasi yaxshi bo‘lgan hudud) - Jomboy, Samarqand va Toyloq tumanlari;
3-toifa (Sharoiti nisbatan qoniqarli bo‘lgan hudud) – Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Past Darg‘om va Urgut tumanlari;
4-toifa (Jozibadorligi yetarli bo‘lmagan hudud) - Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi va Payariq tumanlari;
5-toifa (Sharoiti og‘ir bo‘lgan hudud) - Qo‘shrabot tumani.
Qayd etilishicha, hududlarning toifalarga bo‘linishida ekspertlarning fikrlari hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar, sohalar rivojlanishida viloyatdagi ulushi hamda aholi jon boshiga iqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘ri kelishi tahlillari e’tiborga olingan.
Murojaatnomada tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratilishi, ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘lishi ham ta’kidlangan.
Jumladan, beshinchi toifaga kiruvchi, sharoiti eng og‘ir bo‘lgan tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida belgilanishi, tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘lashi, yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.