Samarqand davlat universitetda qatag‘on qurbonlari muzeyi ochildi

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.Hasanov, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va boshqalar Vatanimiz mustaqilligi va tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

– Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning xalq va Vatan kelajagi yo‘lidagi jasorati, haqida yosh avlodga ta’sirchan ma’lumotlar yetkazish eng muhim vazifamiz hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Suyun Karimov. – Muzeyni tashkil etishda belgilangan nizom talablariga muvofiq bunga alohida e’tibor qaratdik. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy, Sadriddin Ayniy, Saidahmadxo‘ja Siddiqiy Ajziy, Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li, Saidrizo Alizoda va boshqa ma’rifatparvar, xalqparvar ajdodlarimizning el-yurt ozodligi, xalqni ma’rifatli qilish borasidagi zahmatli mehnatlari haqida keng ma’lumotlar to‘plandi. Tarixiy hujjatlar, ashyolar jamlanib, muzeydan o‘rin oldi.

Muzeyda “O‘rta Osiyo (Turkiston)ning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi, Samarqandning bosib olinishi (1868-1900)”, “Milliy uyg‘onish harakati, uning namoyon bo‘lishi va amaliy yo‘nalishlari (1901-1917)”, “1937-1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar”, “Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yildan keyingi davr)” kabi sakkiz bo‘lim mavjud.

A.PO‘LATOV,

A.ISROILOV (foto)