Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetidan Ikkinchi jahon urushiga 500 nafar qahramon qatnashgan. Ular safida universitet rektori ham bo‘lgan

Ikkinchi jahon urushi yillarida Samarqand davlat universitetida ishlagan, tahsil olgan, el-yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido etgan yurtdoshlarimizning tabarruk nomlarini yodga olish savoblidir.

Vatan qahramonlari... Ular 500 ga yaqin edi, 1941 yil 23 iyunda O‘zbekiston davlat universiteti (SamDU)da bo‘lib o‘tgan mitingda “Qo‘lga qurol olib, Vatanni himoya qilamiz!” degan shior bilan chiqqandi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi yurtimizga qaytmadi. Biz qaytmaganlar haqida juda oz ma’lumotga egamiz. Dotsent K.Kuldanov, o‘qituvchilar – Akaskin, V.Alexin, A.Vohidov, I.Suxarev, Vali Qodirovlarning jang maydonlarida halok bo‘lganligi haqida manbalar bor. Shuningdek, X.Abdurahmonov, V.Jishko, V.Solodniy, P.Solovev, M.Urunov, M.Haydarov singari talabalar ham urushdan qaytmagan.

Urush yillarida universitetimiz rektori bo‘lgan Aziz Valiyev ham frontga safarbar qilingan. Domla 1910 yilda tug‘ilgan. 1938 yildan SamDU rektori vazifasida ishlagan, faylasuf olim bo‘lgan. Manbalarda u kishining ko‘ngilli bo‘lib frontga ketganligi, komissar va siyosiy xodim bo‘lganligi, mayor unvonini olganligi qayd etilgan. Aziz Valiyev bir qator jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Janubiy frontda 1943 yilning 15 oktyabrida qahramonlarcha halok bo‘lgan.

To‘g‘ri, urush, harbiy holat hukmron bo‘lgan. Lekin Aziz Valiyevdan kichikroq lavozimdagilar ham front ortini mustahkamlash uchun qoldirilayotgan bir paytda domla o‘z o‘rnini urush maydonida, deb bilgan. Vatan uchun aziz jonini ayamasdan jangga otlangan. Bu chin ma’nodagi jasorat va qahramonlik edi. 

Biz bugun bu insonlarning tabarruk nomlarini chuqur hurmat bilan yod etamiz. Porloq xotirasi oldida bosh egamiz. Front ortida turib mehnat qilgan faxriylarimizga ham ehtirom ko‘rsatamiz.

Mash’um urushga universitetdan ketgan va omon qolgan yurtdoshlarimiz yana jonajon universitetimizga qaytib, ilmiy-pedagogik faoliyatlarini davom ettirgan. Ularni o‘sha paytlarda, keyin ham shinelli domlalar, deb atashgan.

Urush ko‘rgan olimlar avlodi ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohasida juda katta ishlarni amalga oshirib, universitet ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shgan. Biz fan doktorlari, professorlar – tarixchi Yuriy Aleskerov, Mixail Abramov, filolog Ulug‘ Tursunov, Hamdam Berdiyorov, Vasiliy Larsev, dotsent Ochilboy Isroilov, fidoyi pedagog Afanasiy Yefimov, Pavel Soldatov, Abdulla Sagitov, dotsentlar va o‘qituvchilar Mirza Abdulqosimov, Vohid Abdullayev, Soli Akramov, Jo‘ra Ahmedjonov, Tursun Boboxonov, Juma Ochilov, Adham Samiboyev, Yuriy Talishkin, Zubaydulla Tog‘ayev, Bahrom Hamroqulov, Muradbek Shirbayev, Rustam Karimov, S.Asliddinov, I.Burnashev, V.Yezdakov, V.Ibadulin, R.Kadimov, A.Kalujin, M.Kenshakov, R.Kuldanov, V.Mo‘minov, F.Pozinchanyuk, A.Simonov, D.Usmonov, A.Chikayev, V.Knyazevskiy, harbiylar A.Toshmatov, Vasiliy Chexovskoy, Aleksandr Yasurenkolarning hamda yaqin paytlargacha safimizda bo‘lgan Rashid Rahmonov va Seit Umar Asanovlarning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz. Afsuski, ular bugun oramizda yo‘q.

Samarqand davlat universiteti tarixchi olimlari tomonidan Ikkinchi jahon urushiga SamDUdan ketganlar, qaytganlar, halok bo‘lganlar haqida maxsus tadqiqot boshlangan. Ushbu loyiha doirasida 500 nafar Samarqand davlat universiteti qahramonlari haqida ma’lumotlar to‘planmoqda. Ularning front bo‘ylab harakatlari, olgan orden, medallari haqida arxiv hujjatlari tadqiq etilmoqda. Qo‘lga kiritilgan manbalar asosida alohida kitob nashr etishni rejalashtirganmiz. Bu minnatdor avlodlarning Vatan qahramonlariga ehtiromi ramzidir.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi.