Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Rossiya FA ilmiy markazi bilan hamkorlik qiladi
Akademik N.P.Laverov nomidagi Rossiya Fanlar akademiyasi Ural bo‘limi qoshidagi Arktikani tatbiq (o‘rganish) etish federal ilmiy tadqiqot markazi mas’ullaridan iborat delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Rossiya Federatsiyasining Arktika hududida biologik va genetik xilma-xillik, ekologik va ijtimoiy muammolarni tatbiq etuvchi mazkur markaz Arxangelsk shahrida joylashgan bo‘lib, u 2001 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Markazning asosiy maqsadi davlat manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning mutanosibligi va aholi turmush sifatini yaxshilash, tabiiy muhitni asrab-avaylash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barqarorligini ta’minlashning raqobatbardosh ilmiy-texnikaviy asoslarini yaratishga qaratilgan kompleks fundamental, qidiruv va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishdan iborat.
Delegatsiya a’zolari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti (SamDVMChBU) bilan amaliy xamkorlik loyihalari va dasturlarini muhokama qilish, amaliyotga joriy etish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida yurtimizda mehmon ekanini ta’kidladi. SamDVMChBU rektori, professor X.Yunusov bu taklif uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlikka tayyor ekani, oliy ta’lim muassasasining Rossiyadagi hamkorlari yana bittaga ko‘payganini e’tirof etdi va universitetning bugungi salohiyati haqida ma’lumot berdi.
Tashrif davomida mehmonlar profesor-o‘qituvchilar va talaba–yoshlar bilan ham muloqot qildi. Ta’lim maskani salohiyati, mavjud o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, professor o‘qituvchilar, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot oldi.
Muassasalar o‘rtasida Xalqaro protokol - memorandum imzolandi. Hujjat markaz direktori I.N.Bolotov hamda universitet rektori X.Yunusov tomonidan imzolandi.
Endilikda markaz bilan ta’lim, o‘quv amaliyoti, talabalar va professor o‘qituvchilar stajirovkasi borasida va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy va amaliy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
Gulchehra Berdiyorova.