Samarqand dunyoga bag‘rini ochdi

Samarqand shahriga Navro‘z bayrami arafasida ko‘p sayyoh tashrif buyurishi inobatga olinib, 87 ta mehmonxonada 3200 ta joy band qilindi, sayyohlar uchun 40 dan ortiq oshxona, restoran va kafelar shay holatga keltirildi.
Samarqand shahridagi 79 ta mehmonxonaga 2 ming 93 nafar xorijiy, 5 ming 211 nafar mahalliy mehmonlar joylashtirildi. 174 nafar Qozog‘iston, 1 ming 832 nafar Tojikiston fuqarolari o‘z qarindosh-urug‘lari xonadonida mehmon bo‘lishdi.
Registon maydonida 5 kunda sayyohlar soni 36 ming nafarni (2 ming nafari xorijiy), Imom Buxoriy majmuasida 24 ming nafarni tashkil etdi.
Ekskursiyalar bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarda turistik firmalar tomonidan yo‘l, transport, ovqatlanish va gid-tarjimonlarni biriktirishda imtiyoz va chegirmalar asosida xizmatlar ko‘rsatildi.

***

Ichki turizmni rivojlantirish dasturining bajarilishida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining ishtiroki muhim o‘rin tutmoqda.
Jumladan, Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona-tashkilotlar, mahallalar va yoshlardan tashkil topgan 8 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarining yurtimiz bo‘ylab sayohatlari tashkil etildi. 

– Aholiga xizmat qilishdek sharafli ishni boshladik, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi qoshida tashkil etilgan "Kasaba Samarqand" unitar korxonasi rahbari Abbos Hazratqulov. – Tashkilotimizni mart oyida respublikada birinchilardan bo‘lib tashkil etdik. Bugungacha mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatdik. Jumladan, bayram kunlarida viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashida faoliyat ko‘rsatayotgan 26 nafar ishchi-xodimning Buxoro viloyatiga va  "Nuroniy" jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida  45 nafar nuroniy-faxriylarning Shahrisabz shahriga sayohati tashkil qilindi. Aprel oyida Farg‘ona va Jizzax viloyatlari aholisidan Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohat uchun buyurtmalar qabul qildik. Kelgusida korxonamizning boshqa viloyatlarda vakolatxonalarini ochishni hamda 5 nafar tur-operator va 5 nafar gid-tarjimonni ish bilan ta’minlashni rejalashtirdik.   
Kasaba uyushmasi tomonidan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun tashkil etilgan sayohatlar davomida turli tadbirlar ham tashkil etildi.

Akbar QODIROV.